Prezident Shavkat Mirziyoyev xususiy kasbiy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirish va aholini zamonaviy kasblarga o‘qitish masalalari muhokama qilindi.
Taqdimotda kelgusi uch yilda xususiy kasbiy ta’lim markazlari sonini 50 tadan 200 taga yetkazish, har yili 500 ming nafar aholini qamrab olish maqsad qilingani ta’kidlandi. Hozirda bu ko‘rsatkich 45 ming nafarni tashkil etmoqda.
300 dan ortiq o‘quv dasturlari xalqaro talablarga moslashtiriladi, kamida 1 ming nafar o‘qituvchi va ustalar malakasi oshiriladi. Ushbu dasturlarni moliyalashtirish uchun Bandlik jamg‘armasidan 500 milliard so‘m ajratiladi.
Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda bildirilgan taklif va muammolar ko‘rib chiqildi. Xususan, bojxona boji va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar, imtiyozli kreditlar, ayrim xarajatlarni kompensatsiya qilish, yer uchastkalari qiymatini foizsiz bo‘lib to‘lash kabi masalalar ko‘tarilgan.
Shu munosabat bilan xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni bojxona bojidan ozod qilish, xorijiy o‘qituvchilar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash taklif qilindi. Shuningdek, 7 yilgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi, kredit foizlarining 7 foizi qoplanadi.
Xorijiy mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, baholash uskunalari xarajatlarining 30 foizi, xorijda tan olinadigan sertifikatlar xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Imtiyozlardan foydalangan tadbirkorlar binolarning kamida 60 foizida kasbiy tayyorgarlikni tashkil etishi shart. Sotilgan yer uchun to‘lovni 5 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash, bo‘sh turgan davlat obyektlarini ijaraga olish imkoniyati beriladi.
Xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlarini jihozlash uchun 100 million dollar jalb qilinadi, bitiruvchilar loyihalari uchun 5 million dollarlik “Venchur jamg‘armasi” tashkil etiladi. Har yili “kasb vaucheri” dasturi uchun 20 milliard so‘m ajratiladi.
Taqdimotda xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari uyushmasini tashkil etish, “Ko‘nikmalar parki” ekotizimini yaratish va raqamli muloqot platformasini yo‘lga qo‘yish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Prezident taqdim etilgan choralarni ma’qullab, mutasaddilarga xususiy kasbiy ta’limni rivojlantirish va tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.
Source: www.gazeta.uz