Surxondaryoning tog‘li hududlarida kuchli yomg‘irlar natijasida sel oqimi yuzaga kelib, O‘zbekiston va Tojikistonni bog‘lovchi M-41 xalqaro avtomobil yo‘lidagi ko‘prikka zarar yetkazdi. Transport harakati vaqtincha to‘xtatilib, aylanma yo‘nalishlar tashkil etildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 21-iyun kuni soat 20:30 dan 20:45 gacha bo‘lgan vaqtda kuchli yog‘ingarchilik tufayli Obi Zarang daryosida suv sathi keskin ko‘tarilgan. Oqimning kuchayishi natijasida Sariosiyo tumanidagi ko‘prikka shikast yetgan.
Ko‘prik Bishkek – Dushanbe – Termiz yo‘nalishidagi M-41 avtomobil yo‘lining 1449-kilometrida, “Anorzor” mahallasida joylashgan. Ushbu uchastka O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi muhim transport arteriyasi hisoblanadi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zararning sababi suv sathi va oqim tezligining keskin oshishi bo‘lib, bu ko‘prik tayanchlariga jiddiy yuklama yaratgan. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan harakat vaqtincha to‘xtatilgan.
Ko‘prik 1977-yilda qurilgan bo‘lib, uzunligi 54,7 metrni tashkil etadi. U orqali soatiga 600–800 tagacha avtomobil o‘tadi.
Hozirda transport harakati Uzun tumanining “Do‘stlik”, “Yangi yo‘l” va “Qarashiq” mahallalari orqali aylanma yo‘nalishga yo‘naltirilgan.
Hodisa joyida hokimiyat va tegishli xizmatlar vakillari ishlamoqda. Ular ko‘prikning texnik holatini o‘rganib, zararni baholamoqda va transport aloqasini tiklash choralarini ishlab chiqmoqda.
Hokimiyat vaziyat nazorat ostida ekanini ta’kidlab, qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq berilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyati Baxmal tumanida sel oqimi “Jum-Jumsoy” dam olish zonasiga olib boruvchi ko‘prikka zarar yetkazgan edi. O‘shanda o‘nlab dam oluvchilar tezda evakuatsiya qilingan.
Source: podrobno.uz