Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida noqonuniy diniy ta’lim markazi faoliyati to‘xtatildi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya natijasida 17 nafar 8-10 yoshli bolalar topilgan.
19-iyun kuni IIB va DXX xodimlari shahardagi xususiy uylardan birida noqonuniy tashkil etilgan diniy maktabni aniqlagan. Xonada 8 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan 17 nafar bola bo‘lgan. Ular orasida nafaqat mahalliy aholi, balki Toshkent va Xorazm viloyatidan kelgan bolalar ham bor edi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotchilar bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qo‘llagan: o‘qishdagi xatolari uchun ularni tayoq bilan kaltaklashgan. Saqlash sharoitlari esa juda yomon bo‘lgan – bolalar tor, o‘qish va yashash uchun yaroqsiz xonada ushlab turilgan.
Tashkilotchilar 21 va 38 yoshli ikki fuqaro bo‘lib, ular tanishining uyini ijaraga olgan. Ushbu fakt bo‘yicha ikki modda – “Diniy ta’limotlarni o‘qitish tartibini buzish” va “Qiynoqqa solish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aybi isbotlansa, ular 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov davomida gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.
Uy egasiga nisbatan diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Unga jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tahdid qilmoqda.
Ota-onalar ham javobgarlikka tortilgan. Aniqlanishicha, ular yozgi ta’til davomida bolalarini uchinchi shaxslarga topshirgan. Natijada ular bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Jarima 5 dan 10 BHM gacha – 2,06 dan 4,1 million so‘mgacha.
Avvalroq Toshkentda ikkita yashirin diniy maktab faoliyati to‘xtatilgan edi. Bolalar u yerda qamalgan holda saqlanib, kaltaklangan. Mashg‘ulotlarga xususiy oliy o‘quv yurti talabasi va uning o‘qituvchisi aloqador bo‘lgan.
Source: podrobno.uz