Toshkent shahar xalq deputatlari kengashining korrupsiyaga qarshi kurash masalalari bo‘yicha qaroriga ko‘ra, poytaxt hokimliklarida 29 nafar xodim korrupsion xarakterdagi huquqbuzarliklar va manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga aloqador deb topildi. Ularning ayrimlariga nisbatan 1353 ta ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Mirobod, Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlari hokimlarining to‘rt nafar yordamchisi, shuningdek, Yakkasaroy tumani hokimining qurilish, to‘siqsiz muhit yaratish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i bilan individual profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Suhbatlar davomida ularga korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, shuningdek, xizmat etikasi normalariga qat'iy rioya qilish zarurligi haqida ogohlantirildi.
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini o‘rganish chog‘ida 167 nafar xodimning tijorat tashkilotlarida ishtirok etishi aniqlangan. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun 6 nafar xodimning 20 ta tadbirkorlik subyektidagi ta'sischilik faoliyati tugatildi, 13 nafar xodim bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 7 nafar xodimga aloqador 7 ta tijorat tashkiloti tugatish jarayoniga o‘tkazildi, 2 nafar xodimga aloqador 2 ta tijorat va notijorat tashkiloti davlat reestridan chiqarildi, 4 nafar xodimning tijorat tashkilotlaridagi rahbarlik faoliyati to‘xtatildi.
Qonunchilik talablarini buzgan 49 nafar hokimlik xodimi bilan individual profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan bo‘lsa, 55 nafar xodimga nisbatan etika komissiyalari tomonidan ogohlantirish shaklidagi ma'naviy ta'sir chorasi qo‘llanildi.
Davlat boshqaruvida ochiqlikni ta'minlash maqsadida joriy yilning yanvar-aprel oylarida E-qaror yagona elektron tizimi orqali qabul qilingan qaror va farmoyishlar tahlil qilindi. Natijada, 2026-yil yanvar oyida qaror va farmoyishlarning 50,4 foizi tizimda yashirin rejimda joylashtirilgani aniqlandi.
Shuningdek, komplayens va ichki antikorrupsion nazorat xizmati Toshkent shahar va tuman hokimliklarining 350 ta qaror va farmoyish loyihasini ko‘rib chiqdi. Ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra, 7 ta loyiha rad etildi, 153 ta loyiha kelishildi. O‘tkazilgan tekshirishlar natijasida Toshkent shahar hokimligining zaxira fondidan 2 milliard so‘m iqtisod qilindi.
Source: uznews.uz