O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-9 iyul kunlari Belarusga rasmiy tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchin 23 iyun kuni Minskda prezident Aleksandr Lukashenkoga hisobot berish chog‘ida ma’lum qildi.
Turchinning so‘zlariga ko‘ra, uning O‘zbekistonga yaqinda amalga oshirgan ishchi tashrifi chog‘ida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilingan. Ayniqsa, Prezident Mirziyoyevning kelgusi tashrifini aniq kelishuvlar bilan to‘ldirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bosh vazir ta’kidlashicha, ushbu tashrif munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Joriy yilda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, 2030 yilga borib esa uni ikki baravar oshirish rejalashtirilgan.
“Bu katta sa’y-harakatlarni talab qiladigan ulkan vazifa”, — dedi Turchin.
Eslatib o‘tamiz, 16-17 iyun kunlari Turchin O‘zbekistonda ishchi tashrifda bo‘lib, prezident bilan muzokaralar olib borgan va V Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etgan.
Source: podrobno.uz