Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakovning 22-iyundagi qaroriga ko‘ra, yozgi davrda yong‘in xavfi yuqori bo‘lganligi sababli poytaxtda 15-sentabrgacha maxsus yong‘inga qarshi rejim joriy etildi.
Shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tuman hokimliklari va boshqa xizmatlar bilan birgalikda yong‘in profilaktikasini kuchaytirish, amaldagi chora-tadbirlar samaradorligini tahlil qilish va turar-joy sektori hamda iqtisodiyot ob’ektlarida aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish topshirildi.
Alohida e’tibor konditsionerlar va boshqa maishiy elektr asboblaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga qaratiladi. Uylarda nominal tokdan yuqori bo‘lgan o‘ziyasal saqlagichlar va himoya avtomatlaridan foydalanish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Mahallalarda “xonadonbay” tamoyili bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi, ya’ni har bir xonadonni aylanib chiqish rejalashtirilgan. Ixtisoslashtirilgan tashkilotlar turar-joy binolari va ko‘p qavatli uylardagi elektr va gaz tarmoqlari, suv isitgichlari, mo‘rilar va ventilyatsiya tizimlarining holatini tekshirishi shart.
Kommunal xizmatlarga nosoz yong‘in gidrantlari va suv havzalarini aniqlash hamda ularni ta’mirlash choralarini ko‘rish topshirildi. Yong‘inga qarshi suv ta’minoti manbalariga kirish cheklangan hududlarda suv tashuvchi mashinalarning kechayu-kunduz navbatchiligi tashkil etilishi kerak.
Bozorlar, savdo va ko‘ngilochar majmualarga oid alohida topshiriqlar berildi. Mas’ul tashkilotlar transformatorlar, taqsimlash qalqonlari, simlar va kabellarni haqiqiy yuklamaga va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirishi lozim. Zarur hollarda eski va shikastlangan kabellar almashtiriladi. Hujjatda bozorlar, savdo majmualari va boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida ovqat tayyorlash uchun maishiy suyultirilgan gaz ballonlaridan foydalanish taqiqlanishi belgilangan. Umumiy ovqatlanish shoxobchalarining qonunchilik talablarini buzgan holda tabiiy gaz tarmoqlari va tizimlariga ulanishiga qat’iy yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, bu yo‘nalishda nazoratni kuchaytirish topshirildi.
Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ham nazorat kuchaytiriladi. Xususan, issiq vaqtda – soat 11:00 dan 17:00 gacha – propan va benzin quyish shoxobchalarida katta tonnajli transport vositalari va idishlarda yoqilg‘ini tashish, to‘kish va quyish ishlari cheklanishi kerak.
IIBB, FVB, tuman hokimliklari va kommunal xizmatlarga mahalla ichki ko‘chalarida, ko‘p qavatli uylar hovlilarida va ob’ektlar hududlarida yong‘in-qutqaruv texnikasi, tez yordam va boshqa maxsus transport vositalarining o‘tishiga to‘sqinlik qiladigan shlagbaumlar va boshqa sun’iy to‘siqlarni aniqlash topshirildi. Noqonuniy inshootlar bartaraf etilishi kerak.
Shahar xizmatlari ochiq hududlar va aholi punktlarida quruq o‘simliklar, begona o‘tlar va maishiy chiqindilar to‘plangan joylarni tozalashi lozim. Toshkentdagi 47 maktabda kunduzgi lagerlar tashkil etilgan bo‘lib, u yerda bolalar xavfsizligini ta’minlash, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari ko‘rilishi kerak.
Source: podrobno.uz