Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda internet nashrlari, telekanallar, bosma ommaviy axborot vositalari va nashriyot mahsulotlarida bolalar salomatligi va ruhiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborot mahsulotlari bilan bog‘liq 1000 dan ortiq qonunbuzarlik aniqlandi. Aksariyat qonunbuzarliklar kontentning yosh toifasi bo‘yicha klassifikatsiyasi va markirovkasi talablariga rioya qilmaslik bilan bog‘liq.

Bu haqda 23-iyun kuni Axborotlashtirish va kommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan “Raqamli asrda bolalarning axborot xavfsizligi: OAV mas’uliyati, kiberhimoya va axloqiy me’yorlar” treningida ma’lum qilindi.

Inspeksiya rahbari maslahatchisi Asad Xo‘jayev Kun.uz bilan suhbatda ta’kidlashicha, hozircha qonunbuzarlarga nisbatan jazo choralari qo‘llanilmagan. Ularga faqat har bir holatni mutaxassislar ishtirokida tahlil qilish va takrorlanmasligi uchun profilaktik ishlar olib borish talabi bilan ko‘rsatmalar yuborilgan.

“Bizning maqsadimiz – zararli kontentni to‘g‘ri baholay oladigan mutaxassislar jamoasini shakllantirish va ularning malakasini oshirish. Agar bundan keyin ham qonunbuzarliklar davom etsa, chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz”, – dedi Xo‘jayev.

Source: kun.uz