Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish materiallari tarmog‘iga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda sohadagi 457 ta korxonaning moliyaviy ahvoli va ularni qo‘llab-quvvatlash choralari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, yirik va megaloyihalarga sarmoya kiritayotgan investorlar import qilinadigan qurilish materiallarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod qilishni so‘ramoqda. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham o‘z mahsulotlarini ushbu loyihalarga yetkazib berishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.
Mahalliy korxonalar vakillari, agar QQS bo‘yicha imtiyozlar mahalliy mahsulotlarga ham tatbiq etilsa, ular sifat va standartlar bo‘yicha import bilan raqobatlasha olishlarini ma’lum qilishgan. Shuning uchun mutasaddilarga import va mahalliy mahsulotlar uchun teng sharoit yaratish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Hozirda 457 ta korxonaning muddati o‘tgan kredit qarzdorligi 3,5 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Buning asosiy sababi – mahsulot tannarxining yuqoriligi va bozor talabiga to‘liq javob bermasligi, natijada xaridor topish qiyinlashmoqda.
Mas’ullarga har bir korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur ishlab chiqish va shu maqsadlar uchun 50 million dollar ajratish topshirildi. Mablag‘lar ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, tannarxni pasaytirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Source: www.gazeta.uz