O‘zbekistonda hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda. Dastur 34 ta yirik turistik ob’ekt va mingdan ortiq joylashtirish vositalari, jumladan 200 ta mehmonxona qurilishini nazarda tutadi.
Parkent tumanidagi yangi ochilgan “Kumushkon Resort” turistik majmuasida qurilish materiallarining 98% mahalliy ishlab chiqarishdan foydalanilgani ma’lum qilindi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hududlardagi mehmonxonalar qurilishida mahalliy ishlab chiqarish materiallari ulushini 95% ga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Ushbu maqsadga erishish uchun kelasi yil oxirigacha bir qator mahsulot turlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish topshirilgan. Jumladan, mehmonxonalar qurilishi va bezagi uchun lak-bo‘yoq materiallari ishlab chiqarish 119 ming tonnadan 150 ming tonnaga, santexnika mahsulotlari esa 1,5 million donadan 2 million donaga oshirilishi kerak.
Shuningdek, PVX quvurlar va fittinglar ishlab chiqarish 255 ming tonnadan 300 ming tonnaga, devor qog‘ozi 6 million rulondan 7,5 million rulonga, dekorativ panellar esa 15 million kv. m dan 18 million kv. m gacha oshirilishi rejalashtirilgan.
Source: kun.uz