Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyatida “Andijon polkasi” tadbiri doirasida maktab o‘quvchilari yo‘l-transport hodisasiga uchradi, natijada bir nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning Instagram’dagi posti ostida foydalanuvchi ma’lum qildi.

Foydalanuvchining so‘zlariga ko‘ra, hodisa Asaka tumanidagi 14-maktab o‘quvchilari bilan sodir bo‘lgan. YTH natijasida bir o‘quvchi halok bo‘lgan, qolganlari reanimatsiyada.

Andijon viloyati YHXB matbuot xizmati Daryo.uz’ga ma’lum qilishicha, yo‘l-transport hodisasi 23 iyun kuni ro‘y bergan. “Asaka tumani xalq ta’limi bo‘limi Andijondagi tadbirga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘quvchilarga avtobus ajratgan. Biroq bir guruh o‘quvchilar o‘zboshimchalik bilan Damas avtomobilida yo‘lga chiqishgan. Yo‘lda avtomobil ZIL yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. O‘quvchilar kasalxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, ulardan biri vafot etgan. Qolgan o‘quvchilarning ahvoli yaxshi”, deyiladi xabarda.

Asaka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi surishtiruv olib bormoqda.

24 iyun kuni Andijondagi stadionda “Andijon polkasi” raqsi bo‘yicha rekord o‘rnatildi. Hokimiyat matbuot xizmati e’lon qilgan kadrlarda tadbirda kichik yoshdagi bolalar ham ishtirok etgani ko‘rinadi.

Source: kun.uz