Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2026-yilda Namangan viloyatida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiyani yaxshilash uchun 703 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan. Bu haqda 23-iyun kuni viloyat situatsion markazida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarning hisobotlarini tinglaganida aytib o‘tildi.

Ajratilgan mablag‘lar 130 kilometr suv quvuri, 2,5 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i va 9 ta yangi suv inshootini qurishga yo‘naltiriladi. Natijada viloyatning 34 ming nafar aholisi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, yana 25 ming kishi esa kanalizatsiya tizimiga ulanadi.

Namangan shahrida kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish ishlari joriy yildan boshlanadi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida amalga oshiriladi.

Jamoat transportini rivojlantirish uchun 1-sentabrgacha 90 ta avtobus, 50 ta elektrobus va 30 ta mikroavtobus, 1-iyulgacha esa qo‘shimcha 105 ta elektrobus xarid qilish topshirildi.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami modelini Kosonsoy va Uychi tumanlarida joriy etish rejalashtirilmoqda. Oktabr oyidan boshlab Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida infarkt va insultga qarshi kurashish bo‘yicha milliy dastur ishga tushiriladi.

Shuningdek, “Pungon — Namangan” avtomobil yo‘lining 75 km qismini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan — u beton qoplamali to‘rt polosali trassaga aylanadi hamda yo‘l bo‘ylab 21 ta ko‘prik va 22 ta piyodalar o‘tish joyi quriladi.

“Pungon — Namangan” yo‘lini rekonstruksiya qilish 2013-yildan beri rejalashtirilgan, biroq 2016-yilda to‘xtatib qo‘yilgandi. 2024-yilning mart oyida loyiha Prezident tomonidan ma’qullangan. Loyihani 2025-yilning IV choragida yakunlash mo‘ljallangan edi, ammo 2025-yil sentabrida faqatgina ishlar boshlangani ma’lum bo‘ldi. Trassada harakatlanish tezligi soatiga 120 km bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Qiymati 246 mln dollar bo‘lgan loyihani Xitoyning CITIC Construction kompaniyasi amalga oshirmoqda.

Source: www.gazeta.uz