Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Andijon viloyatida 38,3 milliard so‘m miqdoridagi keshbek mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fuqaro Yo.Q. va uning sheriklari o‘zaro til biriktirib, 5 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat nomidan soxta hujjatlar rasmiylashtirgan. Ular go‘yoki boshqa korxonalardan 2,2 trillion so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar tuzgan.

So‘ngra ushbu mahsulotlar go‘yoki nazorat-kassa mashinalari orqali aholiga sotilgani to‘g‘risida soxta xarid cheklari chiqarilgan. Natijada Soliq mobil ilovasi orqali 94 921 nafar fuqaroga (shu jumladan, Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga) jami 38,3 milliard so‘m keshbek hisoblangan va bu mablag‘lar o‘zlashtirish hamda rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Source: www.gazeta.uz