Surxondaryo viloyati hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, 2018-2022 yillarda Muzrabot tumani hokimi bo‘lgan Erkin Alimov yangi lavozimga tayinlandi. U O‘zbekiston Mahallalar assotsiatsiyasining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarma boshlig‘i etib belgilandi.
Bugun, 6 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov va O‘zbekiston Mahallalar assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Jovdatxon Inagamov ishtirok etdi. Unda Erkin Alimovning tayinlanishi e’lon qilindi. Tayinlovga qadar u xususiy sektorda faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, Erkin Alimovga nisbatan 2022 yil noyabr oyida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Unga Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209 (mansabga soxtalashtirish) moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Dastlabki tergovda aniqlanishicha, sobiq hokim o‘z yaqin qarindoshlariga Muzrabot tumanidagi umumiy qiymati 1,7 milliard so‘m bo‘lgan 4,2 gektar yer maydonini auksionsiz rasmiylashtirib bergan. Shuningdek, tuman banklari uning qarindoshlariga 166 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratgan, ularning katta qismi muammoli kreditlarga aylangan.
“Hozirda bank muassasalari tomonidan o‘z vaqtida to‘lanmagan 121 milliard 406 million so‘mlik kredit mablag‘larini undirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, deyilgan xabarda. Bundan tashqari, “Surxondaryodonmahsulotlari” AJda o‘tkazilgan tekshiruvda sobiq hokim ishtirokida 35 milliard so‘mlik 9,6 ming tonna bug‘doy o‘g‘irlangani aniqlangan.
Jinoyat ishining tugatilgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Erkin Alimovning yangi lavozimga tayinlanishi jamoatchilikda turli savollarni keltirib chiqarmoqda.
Source: kun.uz