O‘zbekiston gaz ta’minoti tizimida 2025-yil va 2026-yilning birinchi yarim yilligida 1,442 trillion so‘mlik (taxminan 118 million dollar) tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 546 million kub metr gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 10 484 ta holat qayd etilgan. Shuningdek, ushbu davr mobaynida gaz ta’minoti korxonalarida 31 134 ta rejadan tashqari tekshirish va monitoring tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 17 824 tasi 2025-yilga, 13 310 tasi esa 2026-yilning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi.
Natijada komplayens-tuzilmalar tomonidan gaz ta’minoti tashkilotlari xodimlari tomonidan sodir etilgan 441 ta korrupsiyaviy huquqbuzarlik o‘z vaqtida aniqlandi va bartaraf etildi. Ulardan 174 ta holat tabiiy gaz, 268 tasi esa suyultirilgan gaz sohasiga tegishlidir.
Aniqlangan qoidabuzarliklar va ichki normativ hujjatlarga rioya qilmaslik faktlari bo‘yicha 824 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. 61 ta tekshiruv materiallari huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. 253 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llandi, ulardan 127 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, 212 nafari hayfsan oldi, 41 nafari esa ish haqidan jarimaga tortildi.
Shuningdek, 47 ta holatda 7,07 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklar va yonilg‘i-moylash materiallarini talon-toroj qilish faktlari aniqlandi. Ushbu materiallar ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Suyultirilgan gaz ta’minoti sohasida rejadan tashqari tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra 1076 ta qoidabuzarlik aniqlandi. 406 ta holatda suyultirilgan gazni noqonuniy sotish shoxobchalari faoliyatiga chek qo‘yildi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, ular orqali 7,99 milliard so‘mlik 15 761 ta maishiy gaz balloni va 1,2 milliard so‘mlik 180 tonnadan ortiq suyultirilgan gazning noqonuniy sotilishi oldi olindi.
Umid Mamadaminov, shuningdek, 2025-yil yanvaridan hozirgi vaqtga qadar “Hududgazta’minot” kompaniyasining quyi tizim tashkilotlaridagi 67 nafar xodim huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaviy huquqbuzarliklar ustida qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Umumiy hisobda gap 59 ta holat haqida bormoqda.
Vazirning birinchi o‘rinbosari asosiy korrupsiyaviy xavf-xatarlar sifatida gaz ta’minotiga ulanish uchun pora olish, qoidabuzarliklarni rasmiylashtirmaslik yoki zarar miqdorini kamaytirib ko‘rsatish evaziga pul undirishga urinish, shuningdek, qarzdorlikni kamaytirish yoki o‘chirish uchun tamagirlik qilishni sanab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlar jarayonlarning to‘liq raqamlashtirilmagani, “korrupsion lazeykalar” saqlanib qolayotgani va iste’molchilarning gazlashtirish tartib-taomillaridan yetarlicha xabardor emasligi bilan bog‘liq.
Tizimdagi xavflarni kamaytirish maqsadida texnik shartlarni rasmiylashtirishni onlayn nazoratga o‘tkazish imkonini beruvchi HGT Online dasturiy ta’minoti joriy etilmoqda. Toshkent shahrida sinov tariqasida sun’iy intellektdan foydalangan holda va davlat xizmatlari markazlari bazalari bilan integratsiyalashgan holda texnik shartlarni rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi. Arizani qabul qilish, ulanish nuqtasini aniqlash va hujjatni rasmiylashtirish inson omilisiz amalga oshirilishi kerak.
Shuningdek, shaxsiy hisobraqam ochish jarayoni ham raqamlashtirildi: fuqarolar “Hududgazta’minot” saytidagi shaxsiy kabinet orqali onlayn ariza topshirishlari mumkin. Tekshiruvlarni rasmiylashtirish uchun E-ma’muriy dasturiy ta’minoti joriy etilib, 2478 nafar mahalla gazchisi va ulgurji iste’molchilar bilan ishlovchi 451 nafar mutaxassis planshetlar bilan ta’minlandi. Kompaniya, shuningdek, iste’molchilar bilan bevosita muloqot qiladigan xodimlar uchun bodikameralar sotib olishni rejalashtirmoqda.
Vazirning birinchi o‘rinbosari ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ma’lumotlarni onlayn uzatmaydigan eski gaz hisoblagichlari bo‘lgan 104 215 ta xonadon qolmoqda. Shundan 102 431 tasi ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarga, 1784 tasi esa xususiy uylarga to‘g‘ri keladi. Bunday hisoblagichlarning almashtirilishini nazorat qilish uchun foto va videohisobotlar joriy etildi.
Suyultirilgan gaz yo‘nalishida esa mart oyidan boshlab barcha hududlarda Face ID tizimi yo‘lga qo‘yildi. 984 nafar chilangar-yetkazib beruvchiga planshetlar berildi, maishiy gaz ballonlarini tarqatish esa yuzni tanish tizimi orqali amalga oshirilmoqda.
Source: www.gazeta.uz