Markaziy bankning mehnat bozori sharhiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 3,8 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga oshgan.
Pul o‘tkazmalari tarkibida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Rossiyaning umumiy tushumdagi ulushi 2025-yil birinchi choragidagi 77,6 foizdan 2026-yilda 72,4 foizga tushib, taxminan 2,75 milliard dollarni tashkil etdi.
Markaziy bank bu o‘zgarishlarni mehnat migrantlari uchun patent narxining oshishi, mart oyida rubl kursining zaiflashishi, shuningdek, mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarining kengayishi bilan bog‘laydi.
Shu bilan birga, boshqa davlatlarning ulushi oshdi. Qozog‘iston ulushi 3,1 foizdan 4,1 foizga (taxminan 155,8 million dollar), Janubiy Koreya ulushi 3,5 foizdan 4,1 foizga (155,8 million dollar), Yevropa davlatlari ulushi 2,3 foizdan 3,3 foizga (125,4 million dollar) ko‘tarildi.
Qolgan davlatlar ulushi esa o‘tgan yilgi 13,6 foizdan 16,2 foizga oshib, taxminan 615,6 million dollarni tashkil etdi.
Rossiyada patent asosida ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni kamaymoqda. 2026-yil birinchi choragida ularning soni 1,34 million kishini tashkil etib, oldingi chorakka nisbatan 8,8 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 1,8 foizga kamaygan. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu mavsumiy omillar va tashqi mehnat bozorlaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, boshqa davlatlarga mehnat migratsiyasi o‘smoqda. Turkiyada O‘zbekiston fuqarolari uchun rasmiy ishlash ruxsatnomalari soni birinchi chorakda 70 mingga yaqinlashib, yil davomida 14 foizga oshgan. Janubiy Koreyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni esa 99,6 ming kishiga yetgan.
Umuman olganda, aholining tashqi mobilligi oshmoqda. Yilning dastlabki uch oyida chet elga chiqib ketgan fuqarolar soni 1,63 million kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 11,6 foizga ko‘paygan.
Source: uznews.uz