Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan reyd chog‘ida xususiy bog‘chaga tegishli Damas avtomobili to‘xtatilib tekshirilgan. Tekshiruv natijasida 7 kishiga mo‘ljallangan transport vositasi salonida 20 nafar bola olib ketilayotgani ma’lum bo‘lgan.
YPX inspektori haydovchiga murojaat qilib, “Mumkin emas. Avariyalar haqida shuncha aytilyapti, yana shunga qaramasdan yana mindirib kelyapsizlar”, — degan. Haydovchi o‘z navbatida qilgan ishidan afsusda ekanligini bildirib, “O‘zimga tegishli bo‘lgan Damas avtomashinasida bog‘cha bolalarini tashiyotgan edim. Ichida yetti o‘rindiqli bo‘lgan mashinada 20 ta bola bilan qo‘lga tushdim. Endi bu holat takrorlanmaydi, aybimni tushunib yetdim”, — degan.
Viloyat YHXB matbuot kotibi Farrux Yakubovning ma’lumotiga ko‘ra, haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-8-moddasi (Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish) bo‘yicha BHMning ikki baravari — 824 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan. Unga ushbu qoidabuzarlikning og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi tushuntirilgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon Navoiy viloyatida bog‘cha tarbiyalanuvchilarini tashish bilan bog‘liq 34 ta qoidabuzarlik qayd etilgan. Holatlar asosan Nurota, Navbahor va Xatirchi tumanlarida kuzatilgan. Xususan, may oyida Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchragan edi. Rulda haydovchilik guvohnomasi olmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etgan, bolalar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Shundan so‘ng YHXX 1-8-may kunlari bolalarni transportda me’yordan ortiq tashish bilan bog‘liq 125 ta holatni aniqlagan. Idora axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevga ko‘ra, ayrim holatlarda Damas’larda 25-28 nafargacha, Spark avtomobillarida esa 18 nafargacha bola tashilgan.
Ta’kidlash joizki, bunday qoidabuzarlikning og‘ir oqibatlari haqida muntazam xabar va ogohlantirishlar berib kelinayotgani va nazorat tadbirlari o‘tkazilayotganiga qaramay, yo‘llarda bolalar hayotini xavfga qo‘yib, ularni sig‘imdan ortiq tashish holatlari tez-tez uchrab turadi. Avvalroq Andijonning Izboskan tumanida 58 nafar bog‘cha bolasini mikroavtobusda olib ketayotgan haydovchi to‘xtatib qolingan edi. Holat bo‘yicha haydovchiga jarima qo‘llanilib, ta’lim muassasasi rahbariyati bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
Buxoro viloyati Romitan tumanida esa Isuzu avtobusi haydovchisi mast holatda 40 nafar bog‘cha bolasini tashib yurgani aniqlangan. Sud qarori bilan u 3 yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilinib, 16,4 mln so‘m jarimaga tortilgan.
Source: www.gazeta.uz