Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston, Toshkent – AN Podrobno.uz. Iqlim o‘zgarishi va suv resurslarining tanqisligi jahon qishloq xo‘jaligi uchun asosiy omillarga aylanmoqda. Shu fonda tahlilchilar O‘zbekistonni meva-sabzavot mahsulotlarining istiqbolli eksportchilaridan biri sifatida baholamoqda – ammo sug‘orish va iqlimga chidamli texnologiyalarga qo‘shimcha investitsiyalar zarur.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, 1991 yildan 2023 yilgacha tabiiy ofatlar qishloq xo‘jaligiga 3,26 trillion dollar zarar yetkazgan va 2,8 milliard tonna meva-sabzavot yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan.

EastFruit xalqaro platformasi rahbari va agrobiznes tahlilchisi Katerina Zvereva ta’kidlashicha, iqlim xavflari endi vaqtinchalik muammo bo‘lmay, sanoatning investitsiyalar va daromadliligini belgilovchi asosiy omillardan biriga aylangan.

“Agar qurg‘oqchilik Yevropada qishloq xo‘jaligi yo‘qotishlarining 54 foiziga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, suv muqarrar ravishda meva-sabzavot ishlab chiqarishdagi eng muhim strategik resurslardan biriga aylanadi”, – dedi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030 yilga kelib ishonchli sug‘orish tizimining mavjudligi ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligiga qishloq xo‘jaligi maydonlarining kattaligidan ham kuchliroq ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tadqiqot mualliflari O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning eng jadal rivojlanayotgan meva-sabzavot bozorlaridan biri deb ataydi. Mamlakat gilos, uzum, danakli mevalar va sabzavotlar ishlab chiqarish va eksportini izchil oshirmoqda.

Afzalliklar qatoriga arzon ishchi kuchi, yuqori ishlab chiqarish salohiyati va logistika, sovutish quvvatlari hamda zamonaviy omborlarga investitsiyalar kiradi. Agar sug‘orish va iqlimga chidamli texnologiyalarga sarmoya davom ettirilsa, mamlakat jahon bozorida o‘z mavqeini mustahkamlash imkoniyatiga ega.

Tahlilchilarning fikricha, tarmoqning keyingi rivojlanishi suv resurslarini boshqarish samaradorligiga bevosita bog‘liq. O‘zbekiston Ispaniya, Italiya, Marokash, Misr va Turkiya bilan bir qatorda meva-sabzavot ishlab chiqarishi suv ta’minotiga ayniqsa sezgir bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi.

Mutaxassislar jahon bozori asta-sekin yangi modelga o‘tayotganini ta’kidlaydi, unda suvdan samarali foydalanish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va rivojlangan saqlash hamda eksport infratuzilmasini yaratgan ishlab chiqaruvchilar ustunlikka ega bo‘ladi.

Avvalroq O‘zbekistonning uchta idorasi Quyi Amudaryoning integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish konsepsiyasini imzolagan edi. Hujjat suvdan samarali foydalanish, ekotizimlarni saqlash va ekologik xavflarni kamaytirishga qaratilgan.

Source: podrobno.uz