Vazirlar Mahkamasining 2-iyuldagi qarori bilan O‘zbekistonda ushlangan transport vositalarini jarima maydonchalaridan olib chiqish tartibi raqamlashtiriladi. 2026-yil 1-avgustdan boshlab ruxsatnoma faqat “Jarima maydonchasi” axborot tizimida QR kod bilan tasdiqlanib, elektron shaklda yuboriladi.
Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda “Jarima maydonchasi” tizimini Soliq qo‘mitasining axborot tizimlari bilan “Elektron hukumat” platformasi orqali integratsiya qilishi lozim. Natijada jarima maydonchalari va ushlangan transport vositalari haqidagi ma’lumotlar soliq organlarida avtomatik shakllantiriladi.
Qarorda bozorlar hududidagi avtoturargohlar faoliyatiga oid yangi talablar belgilangan. Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi uch oy muddatda bozorlar va ularga tutash joylarda to‘lovlarni yagona QR kod orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratishi kerak.
Bozorlar va savdo komplekslarida avtomototransport vositalarini saqlash xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari elektron shlagbaum yoki transport vositalari kirish-chiqishini cheklovchi qurilmalarni soliq organlarining axborot tizimlariga integratsiya qilishi shart. Talab bajarilmagan taqdirda Soliq kodeksiga muvofiq jarima qo‘llanadi.
Shuningdek, transport vositasini ushlab turish sabablari to‘liq bartaraf etilmasdan turib uni chiqarish yoki undan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish maqsadida nazorat foto va videoqayd etish vositalari hamda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan joyiga chiqqan holda amalga oshiriladi.
Ushlab turish sabablari bartaraf etilmasdan turib transport vositasini chiqarib yuborish yoki undan noqonuniy foydalanish uchun shartnomada bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari (8,24 mln so‘m) miqdorida neustoyka nazarda tutilgan. Agar bunday holatlar bir yil ichida takroran sodir etilsa, shartnoma bekor qilinadi.
Jarima maydonchalariga olib kelingan transport vositalarining kirish-chiqishi “Jarima maydonchasi” axborot tizimi orqali nazorat qilinadi, maydonchalar davlat raqam belgilarini avtomatik aniqlaydigan kamera va boshqa texnik vositalar bilan jihozlanadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu qaror bilan O‘zbekistondagi 300 dan ortiq bozor va savdo kompleksi E-bozor platformasiga ulanishi belgilandi. Tizimga bo‘sh savdo o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar joylanadi, har bir bozorga soliq xodimlari biriktirilib, kunlik tushumlar monitoring qilinadi.
Avvalroq, Vazirlar Mahkamasining 28-apreldagi qarori bilan avtotransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga elektron murojaat qilish tartibi belgilangan edi. Qoidabuzarlik bartaraf etilsa, 1 ish kunida mashinani olib chiqishga ruxsat beriladi.
Source: www.gazeta.uz