O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Toshkentda ikki yirik firibgarlik kolmarkazi aniqlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Yashnobod tumanidagi biznes-markazning 6-qavatida joylashgan kolmarkazda 97 kishi ishlagan, ulardan 5 nafari xorijiy fuqarolar bo‘lgan. Yakkasaroy tumanidagi yana bir biznes-markazning 11-qavatida esa 34 nafar xodim, jumladan 3 nafar xorijiy fuqaro faoliyat yuritgan.
Kolmarkazlarda rahbarlar, tashkilotchilar, yordamchilar, guruh rahbarlari va operatorlar bo‘lgan. Ular oyiga 70 foizgacha daromad va’da qiluvchi fishing havolalar tayyorlab, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Niderlandiya, Daniya va boshqa davlatlar fuqarolariga qo‘ng‘iroq qilgan. Soxta nomerlar orqali treyder sifatida qurbonlarni kriptoaktivlarni investitsiya sifatida o‘tkazishga ishontirgan.
Xodimlar orasida chet tillarini mukammal biladigan yoshlar, jumladan nufuzli universitet talabalari ham bo‘lgan. Har biri kuniga yuzlab qo‘ng‘iroq qilgan. Binoga kirish qattiq nazorat ostida bo‘lib, eshik oldida xususiy qo‘riqchilar navbatchilik qilgan.
Tezkor tadbirlar davomida ikkita manzildan 136 ta kompyuter, 90 ta monitor, 73 ta protsessor, 53 ta monoblok, 320 ta telefon, 128 ta qattiq disk, 175 ta xotira qurilmasi, ikkita seyf va boshqa jinoyat vositalari olib qo‘yildi.
Firibgarlik sxemasining tashkilotchisi xorijiy fuqaro bo‘lib, u 48 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bilan hamkorlikda faoliyat yuritgan. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ikki rahbar va 18 nafar shaxs hibsga olingan, qolgan 111 nafarga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda.
Aniqlanishicha, ushbu jinoiy guruh Rossiya, Gruziya, Ukraina va Ozarbayjonda ham kolmarkazlarga ega. Kelgusida ushbu davlatlar bilan hamkorlikda global jinoiy tarmoqni tugatish rejalashtirilgan.
Source: kun.uz