Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 1-iyul holatiga ko‘ra 6,8 milliard dollarga kamayib, 70,6 milliard dollardan 63,8 milliard dollarga tushdi. Bu 2025-yil noyabridan beri eng past ko‘rsatkichdir.

Valyuta zaxiralari may oyida 1,1 milliard dollarga qisqarib, 8,6 milliard dollardan 7,4 milliard dollarga tushdi. Oltin zaxiralarining qiymati esa 5,7 milliard dollarga kamayib, 55,8 milliard dollarni tashkil etdi.

Shu bilan birga, oltinning jismoniy hajmi 280 ming troya unsiyasiga (8,7 tonna) oshib, 13,88 million troya unsiyasiga (taxminan 432 tonna) yetdi. Bu statistika yuritila boshlangandan beri eng yuqori rekord ko‘rsatkichdir.

Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, oltin narxining bir troya unsiyasi uchun 4516,85 dollardan 4016,7 dollargacha, ya’ni 11,1 foizga pasayishi zaxiralar qiymatini 6,9 milliard dollarga kamaytirgan.

Taqqoslash uchun, dekabr oyida oltin narxining qayta baholanishi zaxiralar qiymatini 2,9 milliard dollarga, yanvarda 8,6 milliard dollarga, fevralda esa 1,4 milliard dollarga oshirgan edi. Mart oyida, aksincha, oltin narxining pasayishi zaxiralarni 8,3 milliard dollarga qisqartirdi, aprelda esa kotirovkalarning o‘sishi qariyb 1 milliard dollar qo‘shdi, may oyida yana 1,5 milliard dollarlik pasayish kuzatildi.

Oltin narxi neft kotirovkalarining ko‘tarilishi va AQSh Federal zaxira tizimi (Markaziy bank) tomonidan yanada qattiqroq pul-kredit siyosati olib borilishi kutilayotgani fonida pasaydi. Prezident Donald Trampning Eron bilan oraliq tinchlik bitimi “endi amal qilmasligi” haqidagi bayonotidan so‘ng neft 6 foizdan ko‘proqqa qimmatlashdi. Bu inflyatsiya tezlashishi xavotirlarini yana kuchaytirdi va AQShda foiz stavkalari oshishi kutilishini yuqorilatdi.

Oltin an’anaviy tarzda inflyatsiya va geosiyosiy keskinlik davrida himoya aktivi hisoblansa-da, stavkalarning oshirilishi odatda uning qiymatiga bosim o‘tkazadi: metall foizli daromad keltirmaydi va daromadli aktivlarga qaraganda jozibadorligini yo‘qotadi. CME FedWatch ma’lumotlariga ko‘ra, FZT (FRS) tomonidan sentabr oyida stavkaning oshirilish ehtimoli bir kun oldingi 62 foizga nisbatan 68 foizgacha ko‘tarildi.

Markaziy bank avvalroq zaxiralar tarkibida oltin ulushining yuqoriligi aktivlarni boshqarishga konservativ yondashuvni aks ettirishini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, regulyator qimmatbaho metallar narxining o‘zgaruvchanligi (volatillik) xavfini hisobga olgan holda, portfelni bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilishni boshladi.

Xalqaro zaxiralar makroiqtisodiy barqarorlikning asosiy vositasi bo‘lib qolmoqda. Ular milliy valyuta kursining tebranishlarini yumshatish, tashqi majburiyatlarga xizmat ko‘rsatish, inqirozli vaziyatlarda importni moliyalashtirish va iqtisodiyotni tashqi shoklardan — xomashyo narxining tushishidan tortib moliya bozorlaridagi beqarorlikkacha himoya qilish imkonini beradi.

Source: www.gazeta.uz