O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 2026-yilning birinchi choragida 3,8 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori sharhida so‘z boradi.
Regulyatorning qayd etishicha, o‘tkazmalar tarkibida mamlakatlar bo‘yicha diversifikatsiya davom etmoqda. Jami tushumlar hajmida Rossiyaning ulushi o‘tgan yilning birinchi choragidagi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha kamaydi.
Markaziy bank buni bir qancha omillar, xususan, yil boshidan buyon patentlar qiymatining oshishi, mart oyida rubl kursining pasayishi, shuningdek, mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarining kengayishi bilan izohlaydi.
Shu bilan birga, pul o‘tkazmalari umumiy hajmida Qozog‘istonning ulushi 1 foizlik punktga oshib, 4,1 foizga yetdi. Yevropa davlatlarining ulushi ham 1 f.p.ga oshib 3,3 foizni, Janubiy Koreya ulushi esa 0,6 f.p.ga oshib 4,1 foizni tashkil etdi. Boshqa mamlakatlar ulushi 2,6 f.p.ga o‘sib, 16,2 foizga yetdi.
Agar pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi 3,8 mlrd dollardan kelib chiqilsa, Rossiya hissasiga taxminan 2,75 mlrd dollar, qolgan mamlakatlar hissasiga esa qariyb 1,05 mlrd dollar to‘g‘ri keladi. Shu jumladan, Qozog‘iston va Janubiy Koreyaga taxminan 156 mln dollardan, Yevropa mamlakatlariga qariyb 125 mln dollar, boshqa davlatlarga esa taxminan 616 mln dollar to‘g‘ri kelgan.
Birinchi chorakda aholi mobilligi o‘sishda davom etdi. Yanvar-mart oylarida xorijga 1,63 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi chiqib ketdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 11,6 foizga ko‘p. Havo transportida tashilgan yo‘lovchilar soni 32 foizga ko‘payib, 2,25 mln kishini tashkil etdi.
So‘nggi mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi chorakda Rossiyada patent asosida 1,34 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilgan. Bu o‘tgan chorakka nisbatan 8,8 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 1,8 foizga kam. Markaziy bank bunday pasayishni mavsumiy omillar va tashqi mehnat bozoridagi sharoitlarning o‘zgarishi bilan izohlaydi.
Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish davom etmoqda. Turkiyada O‘zbekiston fuqarolari uchun berilgan rasmiy ruxsatnomalar soni yillik hisobda 14 foizga ko‘payib, deyarli 70 mingtaga yetdi. Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari soni ham o‘sishda davom etib, 99,6 ming kishini tashkil qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 18,9 mlrd dollarni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 27,2 foizga oshgan edi. Ushbu tushumlar ichki valyuta bozorida barqarorlikni saqlab turishga xizmat qildi. Rivojlangan va bir qator Osiyo mamlakatlarida mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklardan pul o‘tkazmalari qariyb 22 foizga o‘sib, 3,49 mlrd dollarga yetdi.
Source: www.gazeta.uz