Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahridagi Xotira xiyoboni yonida joylashgan Bo‘zsuv kanaliga tushib ketgan ayolni qutqarishga uringan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.

Voqea yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda kanalga o‘zini tashlagan ayolni qutqarib qolgan Milliy gvardiya xodimining o‘zi cho‘kib ketgani haqida video tarqalgan. Unda xodim jasadi 7 kundan beri qidirilayotgani aytilgan.

Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Asror Masurovning ma’lum qilishicha, harbiy xizmatchilar kanalda suv oqimi bo‘ylab oqib ketayotgan ayolni ko‘rib qolgan.

“Voqea yuzasidan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi fuqaroning hayotini saqlab qolish maqsadida zudlik bilan suvga tushib, uni qutqarish choralarini ko‘rgan. Biroq kanaldagi kuchli suv oqimi tufayli fuqaroni qutqarishning imkoni bo‘lmay, u suvga cho‘kib ketgan”, — dedi u.

Dasturda aytilishicha, ayolning jasadi shu kuni qutqaruvchilar tomonidan topilib, yaqinlariga topshirilgan.

Milliy gvardiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, harbiy xizmatchining o‘zi esa kuchli suv oqimi va girdob ta’sirida qolib, halok bo‘lgan. Uning jasadi qutqaruv xizmatlari hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida topilgan.

“Millar” dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi 2005-yilda tug‘ilgan bo‘lib, yaqin vaqt ichida uning to‘yi bo‘lishi kutilgan.

Avvalroq Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida kanal oqimida oqib ketayotgan fuqaro FVV qutqaruvchilari tomonidan qutqarib qolingan edi.

Source: www.gazeta.uz