Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Markaziy banki hisobotiga ko‘ra, 2025 yil yakunlari bo‘yicha mamlakat bank sektori moliyaviy barqarorlikni saqlab qolgan va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni qoplash uchun yuqori salohiyatga ega.

Bank tizimidagi moliyaviy stress darajasi tarixiy minimumga tushgan. Regulyatorning fikricha, bu bank sektoriga bosimning zaiflashganini, shuningdek, kapital va likvidlikning yetarli darajasini ko‘rsatadi.

Jami regulyativ kapital yetarlilik koeffitsiyenti 18,3%, birinchi darajali asosiy kapital (Tier 1) koeffitsiyenti 14,7% ni tashkil etdi. Likvidlik qoplash koeffitsiyenti (LCR) 208% ga, sof barqaror moliyalashtirish koeffitsiyenti (NSFR) esa 120% ga yetdi.

Bank sektoridagi muammoli kreditlar ulushi 3% ni tashkil etdi. Aktivlar rentabelligi (ROA) 2,2% ga, kapital rentabelligi (ROE) esa 12,4% ga yetdi.

Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichlar banklarning kutilmagan yo‘qotishlarni qoplash uchun yetarli kapital zaxirasiga ega ekanligini, qisqa muddatli likvidlik chiqib ketishiga bardosh bera olishini va barqaror moliyalashtirish manbalariga tayangan holda faoliyat yuritishini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, regulyator chakana kreditlash ulushining o‘sishi, mikrokreditlar sifati va valyuta kursining o‘zgaruvchanligi doimiy monitoring talab qiladigan omillar bo‘lib qolayotganini taʼkidladi.

Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov markaziy banklarni tashqi zarbalar va jahon iqtisodiyotining noqulay stsenariylariga tayyorgarlik ko‘rishga ko‘proq eʼtibor qaratishga chaqirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, global noaniqlik kuchaygan sharoitda anʼanaviy makroiqtisodiy prognozlash endi yetarli emas.

Source: kun.uz