Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev rasmiy xatida kartadan kartaga yirik pul o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etishni nazarda tutuvchi taklif O‘zbekiston Konstitutsiyasining 41-moddasiga zid ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan xabar berdi.

Konstitutsiyaning 41-moddasiga ko‘ra, har bir shaxs mulkdor bo‘lish huquqiga ega, bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar sir tutilishi esa qonun bilan kafolatlanadi. Markaziy bankning qayd etishicha, p2p o‘tkazmalar bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etish tashabbusi avval ham jamoatchilik tanqidiga uchragan.

Regulyator mazkur qaror loyihasi bank siri to‘g‘risidagi qonunga zid ekani haqida Soliq qo‘mitasiga ma’lum qilgan. Markaziy bank fikricha, loyihaning amalga oshirilishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari buzilishiga, naqd puldan foydalanishning ortishiga, mablag‘larning bank tizimidan norasmiy aylanmaga chiqib ketishiga hamda yashirin iqtisodiyot ko‘lamining kengayishiga olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, regulyator bahosiga ko‘ra, bunday chora naqd va naqdsiz hisob-kitoblar hajmi o‘rtasidagi tafovutni kuchaytirishi mumkin. Markaziy bank ta’kidlashicha, normativ-huquqiy hujjat loyihasi Soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, regulyator ma’lumotlarni taqdim etish uchun nega oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng (206 mln so‘m) mezon tanlangani haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan.

Markaziy bankda, shuningdek, bank tizimida qonunchilikka muvofiq bank siri va shaxsiy ma’lumotlarning himoya qilinishini ta’minlaydigan zamonaviy texnik va tashkiliy axborot xavfsizligi choralari allaqachon joriy etilgani qayd etildi.

Iyun oxirida Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari yoki omonatlariga oid axborotlarni soliq organiga taqdim etish tartibini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. Yaqin qarindoshlardan kelgan o‘tkazmalar bundan mustasno hisoblanadi. Shuningdek, jismoniy shaxsning o‘z kartalaridan biriga ikkinchisidan amalga oshirgan o‘tkazmalari ham hisobga olinmaydi.

Loyiha jamoatchilik muhokamasi davomida tanqidga uchradi. Foydalanuvchilar bunday norma fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini buzishi va bank tizimiga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Keyinroq Soliq qo‘mitasi tashabbus bank sirini bekor qilmasligi va soliq organlariga fuqarolarning hisobvaraqlaridan erkin foydalanish huquqini bermasligini ma’lum qildi. Idoraga ko‘ra, loyiha banklar va soliq xizmati o‘rtasida ma’lumot almashishning yagona qoidalarini belgilashga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning may oyida Markaziy bank p2p o‘tkazmalari bo‘yicha bank siriga oid ma’lumotlarning soliq organlariga berilishiga qarshi chiqqan edi. “Bizning qarashlarimiz OAVdagi muhokamalardan ko‘ra qat’iyroq, deb o‘ylayman”, — degan edi Markaziy bank sobiq raisi Mamarizo Nurmurodov. Shu yilning aprel oyida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov p2p o‘tkazmalari monitoringi kuchaytirilishi mumkinligi haqida gapirar ekan, qanday qaror topilmasin, u bank siri talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerakligini aytgan edi.

Avvalroq jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘tkazmalarni nazorat qilish bo‘yicha bu kabi tashabbuslar bank siri uchun xavf tug‘dirishi va naqd pul aylanmasining oshishiga olib kelishi sababli tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.

Source: www.gazeta.uz