Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Buxoro viloyatiga Xitoyda ishlab chiqarilgan 76 ta zamonaviy avtobus olib kelindi. Viloyat hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, bu mahalliy tadbirkorlar tomonidan aholi va shahar mehmonlariga sifatli jamoat transporti xizmatini ko‘rsatish maqsadida amalga oshirilgan.

Avtobuslarni foydalanishga topshirish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi. Uning ta'kidlashicha, 2026-yilning o‘zida Buxoro viloyatiga jami 101 ta yangi avtobus olib kelingan. Dastlabki 25 ta Yutong rusumli avtobus fevral oyida “Bux Pit-Stop NGP” MCHJ tomonidan ikkita brutto yo‘nalishiga chiqarilgan edi.

Yangi avtobuslar brutto-shartnoma asosida shahar yo‘nalishlariga biriktiriladi. Ular “Progress Mega Trans”, “Miramax Turist Trans”, “Buxaraneveshservis” va “Miramax Travel” MCHJlari tomonidan olib kelingan. Loyihaning ikkinchi bosqichida, yil oxirigacha, yana 86 ta avtobus keltirilishi rejalashtirilgan.

Joriy yilda Buxoro shahrida jamoat transportini rivojlantirish va tirbandliklarni kamaytirish maqsadida “Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish” bosh rejasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, 21 ta yangi avtobus yo‘nalishi tashkil etilib, gavjum hududlarda transport o‘tish bog‘lamalari qurilmoqda.

Shuningdek, 113 ta chorrahada “Aqlli svetofor” tizimi joriy etilib, avtobuslar harakatiga ustuvorlik berish maqsadida bir qancha ko‘chalarda alohida avtobus yo‘laklari tashkil etilmoqda. Eslatib o‘tamiz, 1-fevraldan Buxoro shahridagi 7 ta yo‘nalishda naqd pul qabul qilish to‘xtatilgan va apreldan barcha yo‘nalishlar elektron to‘lov tizimiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Source: www.gazeta.uz