Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Senat 9-iyul kuni “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.

Ma’ruza qilgan senator Malika Qodirxonova qonun tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, avvalo, xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarini manzilli ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va ularga ko‘rsatiladigan xizmatlarni takomillashtirishga qaratilganini ta’kidladi.

Qonun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u bilan Fuqarolik kodeksi hamda “Notariat to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”, “Davlat boji to‘g‘risida” va “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning yo‘qolgan bank kartasini tiklash uchun tijorat banklariga taqdim etiladigan, notarial tasdiqlangan ishonchnomaga tenglashtirilgan ishonchnomalarni tasdiqlash vakolati berilmoqda.

Senatorning ta’kidlashicha, bu jabrlanuvchilarning notariusga murojaat qilish bilan bog‘liq ortiqcha ovoragarchiligini bartaraf etib, ularga o‘z mablag‘laridan tezroq foydalanish va davlat ko‘magini o‘z vaqtida olish imkonini beradi.

Shuningdek, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hududiy markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlariga yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan ID karta, tug‘ilganlik va nikoh to‘g‘risidagi takroriy guvohnomalar berilganda davlat boji undirilmaydi.

Bundan tashqari, surishtiruv, dastlabki tergov organlari yoki sudga tazyiq va zo‘ravonlik yuzasidan murojaat qilgan jabrlangan xotin-qizlar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ladi. Qonunda ularga va voyaga yetmagan farzandlariga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ham belgilab qo‘yilmoqda.

Malika Qodirxonovaning qayd etishicha, bu jabrlanuvchilarning malakali huquqiy yordamdan erkin foydalanishi, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hamda odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Yana bir o‘zgarishga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni maxsus markazlarga joylashtirish muddati 30 kundan 6 oygacha uzaytirilmoqda.

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, mazkur norma og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga xavfsiz muhitda uzoqroq muddat boshpana, psixologik, tibbiy, ijtimoiy va huquqiy yordam olish, mustaqil hayotga moslashish hamda zo‘ravonlik takrorlanishining oldini olish uchun zarur sharoit yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.

Source: www.gazeta.uz