Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oliy Majlis Senati 9-iyuldagi majlisida “Enterprise Uzbekistan” brendi ostidagi Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni rad etish haqida qaror qabul qildi. Hujjat Qonunchilik palatasiga qayta ishlash uchun yuborildi.

Senator Dilbar Suvonova raqamli iqtisodiyot global rivojlanish drayveriga aylanganini, O‘zbekiston esa bu sohada salohiyatga ega ekanini ta’kidladi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, alohida qonunchilik bazasining yo‘qligi yirik xalqaro IT kompaniyalarni jalb qilish, innovatsion ekotizimni rivojlantirish, intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilishga to‘sqinlik qilmoqda.

Hujjat Xalqaro raqamli texnologiyalar markazining maqomi va uning hududidagi maxsus huquqiy rejimni belgilaydi. Shuningdek, u markaz organlari va ishtirokchilari faoliyatini, investitsiyaviy faoliyatni, “tartibga solish qumdoni”ni, davlat xizmatlarini, mehnat munosabatlarini, soliq, bojxona va valyuta rejimlarini, shaxsiy ma’lumotlar va intellektual mulk himoyasini hamda nizolarni hal etish tartibini tartibga soladi.

Suvonova konstitutsiyaviy qonun maqomi, maxsus huquqiy rejim, Angliya va Uelsning umumiy huquqi elementlari, investorlar uchun kafolatlar hamda innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslari ijobiy baholanayotganini qayd etdi. “Bu chora-tadbirlar xorijiy investitsiyalarni jalb etish, xalqaro raqamli investorlar uchun qulay huquqiy va moliyaviy muhit yaratish, shuningdek, raqamli texnologiyalar bozorini kengaytirishga xizmat qiladi”, — dedi senator.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, qonun samarali ishlashi va turlicha talqin qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun uning ayrim normalariga aniqlik kiritish zarur. Xususan, maxsus huquqiy rejim to‘g‘risidagi qoidalarni “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi qonunni qayta ishlashda qo‘llanilgan yondashuvlar bilan muvofiqlashtirish taklif etilmoqda.

Senatorlar maxsus huquqiy rejimning amal qilish chegaralarini, ma’muriy va jinoiy qonunchilikni qo‘llash xususiyatlarini aniqlashtirishni, shuningdek, boshqaruv kengashi va markaz ma’muriyatining iqtisodiy hamda tartibga soluvchi choralar bo‘yicha vakolatlarini kengaytirishni taklif qildi.

Investorlar uchun kafolatlar alohida muhokama qilindi. Suvonova xalqaro standartlarni inobatga olgan holda ularni kuchaytirish, shuningdek, aktivlarga nisbatan qanday istisnoiy hollarda cheklovlar qo‘llanilishi mumkinligini aniqlashtirish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu investorlar huquqlarini himoya qilish bilan bir qatorda, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish, sanksiyaviy tartibga solish va to‘lovga qobiliyatsizlik masalalari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni ham hisobga olish imkonini beradi.

Senator Jamila Xolmurodova markazning maxsus huquqiy rejimi 2100-yilgacha mo‘ljallanganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qonun mamlakatga jahonning yetakchi investorlarini, jumladan IT kompaniyalarni jalb qilish hamda matematika, dasturlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi yosh mutaxassislar uchun imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyatga ega.

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda ko‘plab iqtidorli mutaxassislar AQSh, Yevropa, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarga ketmoqda. Qonunning qabul qilinishi, uning fikricha, O‘zbekistonda yirik IT kompaniyalar, dasturchilar, arxitektorlar va texnologik ekspertlar ishlay oladigan xalqaro ekotizimni yaratishga yordam beradi.

Senator Qobiljon Nazarov xorijiy kapital va yirik transmilliy kompaniyalar uchun huquqiy himoya hamda barqarorlik asosiy omil bo‘lib qolishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, markaz hududida ingliz huquqi tamoyillarini joriy etish investorlar uchun muhim kafolat bo‘ladi. “Bu investorlarga mamlakatimizning nafaqat iqtisodiy ochiqligini, balki xalqaro biznesning eng qat’iy va nufuzli qoidalarini qabul qilishga tayyorligini ham ko‘rsatadi”, — dedi u.

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, ingliz huquqi investorlarning mulkiy huquqlarini, intellektual mulkini va shartnomaviy majburiyatlarini xalqaro standartlar darajasida himoya qilish imkonini beradi. Bu eng yirik venchur fondlari va IT kompaniyalari uchun O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish yo‘lini ochishi mumkin.

Muhokama yakunlariga ko‘ra, Senat konstitutsiyaviy qonunni qayta ishlash bo‘yicha takliflar bilan Qonunchilik palatasiga yuborish haqida qaror qabul qildi. Buning uchun senatorlar, deputatlar va manfaatdor davlat organlari vakillari ishtirokida kelishuv komissiyasini tuzish taklif etilmoqda.

Sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya, R&D (ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari), startaplar va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lishi kerak. 2030-yilgacha ushbu markaz orqali 1000 tagacha kompaniyani jalb etish, 300 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish va 5 milliard dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash rejalashtirilgan.

IT kompaniyalar uchun alohida huquqiy rejim yaratish g‘oyasi 2023-yil dekabr oyida prezidentning Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrifi chog‘ida muhokama qilingan edi. 2024-yil fevralida esa Shavkat Mirziyoyev Xalqaro raqamli texnologiyalar markazini — International Digital Technology Center yoki Enterprise Uzbekistan’ni tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

Payshanba kuni senatorlar qayta ishlangan “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunni ma’qulladi. Hujjatda maxsus huquqiy rejim, xalqaro tijorat sudini tashkil etish, shuningdek, markaz ishtirokchilari uchun soliq, viza va boshqa imtiyozlar ko‘zda tutilgan.

Source: www.gazeta.uz