Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Navoiy viloyatida respublika bo‘ylab 21 nafar fuqaroning bank kartalaridan jami 336 mln so‘mni kiberfiribgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgan uch nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Karmana tumanida yashovchi fuqaroning bank kartasidan katta miqdordagi pul mablag‘lari yashirin ravishda talon-toroj qilingani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov davomida aniqlanishicha, noma’lum shaxs fuqaroga zararli APK-ilovani yuborgan. Ushbu ilova orqali uning shaxsiy ma’lumotlari qo‘lga kiritilgan. Keyin esa fuqaroning E-auksion platformasida ro‘yxatdan o‘tganidan foydalanib, bank kartasidagi 230 mln so‘m pul mablag‘i o‘zlashtirilgan.

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida firibgarlikda gumon qilinayotgan uch nafar shaxs qo‘lga olingan.

Ularning jinoiy sxemasi o‘rganilganda, respublika bo‘ylab 21 nafar fuqaroning jami 336 mln so‘m mablag‘ini kiberfiribgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur guruhga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Xorazmda Telegram’da virusli fayllar orqali akkauntlarni buzib, fuqarolar bank kartalaridan 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlagan guruh fosh etilgandi. Shuningdek, ular jabrlanuvchilar nomidan yaqinlariga yozib, pul o‘tkazib olgan.

Source: www.gazeta.uz