O‘zbekistonda gaz ta’minoti sohasida bir qator firibgarlik holatlari fosh etildi. Ushbu jinoyatlarga gaz xizmati xodimlari aloqador bo‘lib, ular o‘z lavozim vakolatlaridan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalangan.
Rishton tumanida gaz ta’minoti tashkilotining ikki xodimi fuqarodan uyni gaz tarmog‘iga ulash va hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 5,2 million so‘m olgan. Pullarni o‘zlashtirib, shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.
Uychi tumanida yetakchi muhandis xizmat xonasida hisoblagich o‘rnatish va gaz ulash uchun 4,5 million so‘m olayotganda qo‘lga olingan.
Chortoq tumanida muhandis vositachi orqali uyni ulash va abonent hisobini ochish uchun 4,8 million so‘m olib, jinoyat ustida ushlangan.
Izboskan tumanida esa “Hududgaz Andijon” bo‘linmasining sobiq rahbarlari tadbirkorga 76 million so‘mlik qarzni “hisobdan chiqarish”ni va’da qilib, buning uchun 500 dollar talab qilgan. Ular gaz xizmati xodimi orqali ishni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Barcha holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda. Avvalroq Toshkent viloyatida uchta avtogaz to‘ldirish kompressor stansiyasida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan edi. Umumiy zarar 5,6 milliard so‘mdan oshgan.
Source: podrobno.uz