O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan Dilnoza Kattaxonova Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kattaxonova ilgari Yoshlar ishlari agentligi direktori birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Ushbu tayinlov munosabati bilan u avvalgi lavozimidan ozod etildi.
Zulayxo Maxkamova esa 2022-yil martidan buyon Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga rahbarlik qilgan edi. U boshqa ishga o‘tishi sababli lavozimidan ozod qilindi.
Dilnoza Kattaxonova 1991-yil 2-iyulda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining bakalavriat va magistraturasini tamomlagan. Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasiga ega, Garvard universitetining Jon Kennedi nomidagi Davlat boshqaruvi maktabida magistrlik dasturi tinglovchisi.
U turli yillarda “Kamolot” yoshlar harakati, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi va Yoshlar ittifoqida ishlagan, “Kamalak” bolalar tashkilotiga rahbarlik qilgan.
2020-yil iyulida Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari, 2023-yil dekabrida esa agentlik direktori birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.
U Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureati, “Do‘stlik” ordeni, “Xalqlar do‘stligi” va “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Source: kun.uz