Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 447 ta baxtsiz hodisa qayd etildi. Ular oqibatida 494 nafar xodim jabrlangan bo‘lib, 137 nafari halok bo‘lgan. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lum qildi.

Inspeksiya ma’lumotlariga ko‘ra, qayd etilgan baxtsiz hodisalarning 21 tasi guruhiy, 311 tasi og‘ir oqibatli, 113 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan. Jami 494 nafar jabrlanganning 337 nafari og‘ir, 20 nafari yengil tan jarohati olgan, 137 nafari esa vafot etgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p baxtsiz hodisa Toshkent shahrida qayd etilgan — 95 ta. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (58 ta), Qashqadaryo viloyati (38 ta), Buxoro viloyati (34 ta), Samarqand va Andijon viloyatlari (har biri 33 tadan), Navoiy viloyati (31 ta) qayd etilgan. Eng kam holatlar esa Xorazm (13 ta), Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida (har birida 16 tadan) kuzatilgan.

Sohalar bo‘yicha eng ko‘p baxtsiz hodisa sanoat tarmog‘ida sodir bo‘lgan — 144 ta. Shuningdek, qurilish sohasida 127 ta, boshqa sohalarda 87 ta, transport va logistikada 17 ta, savdo va xizmat ko‘rsatishda 16 ta, sog‘liqni saqlash hamda qishloq va suv xo‘jaligida 14 tadan, ta’lim sohasida 13 ta holat qayd etilgan. Eng kam holatlar esa madaniyat va sport (2 ta), axborot texnologiyalari (3 ta) hamda huquqni muhofaza qilish (4 ta) sohalarida kuzatilgan.

Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lum qilishicha, mehnat bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida jabrlanganlar va ularning oilalari foydasiga bir martalik hamda har oylik to‘lovlar sifatida jami 10 mlrd 376 mln so‘m undirib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-choragida O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 198 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan edi. 62 kishi vafot etib, 146 nafari og‘ir jarohatlangan. Eng ko‘p hodisalar Toshkent shahrida va Surxondaryo viloyatida qayd etilgan. Holatlarning asosiy qismi sanoat va qurilish tarmoqlariga to‘g‘ri kelgan.

Avvalroq Toshkentning Yashnobod tumanida 25 yoshli yigit beton plita bosib qolishi oqibatida halok bo‘lgan edi. Baxtsiz hodisa qurilish obyektida ish vaqtida sodir bo‘lgan.

Source: www.gazeta.uz