Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev 10-iyul kuni O‘zbekistonda xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda Toshkent shahrida yetakchi xorijiy va mahalliy oliygohlar joylashtirilishi rejalashtirilayotgan Xalqaro universitetlar shaharchasini barpo etish masalasi ko‘rib chiqildi. Loyihani ishlab chiqishda Qatardagi Education City, BAAidagi Dubay Xalqaro akademik shahri va Koreyadagi Inchxon Global kampus tajribasini o‘rganish taklif etildi.

Prezident nufuzli xorijiy universitetlar filiallarini jalb qilish, o‘quv kampuslari va talabalar turar joylarini qurish, litsenziyalash talablarini soddalashtirish, grant va stipendiyalar ajratish, shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish bo‘yicha takliflar tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi. Bundan tashqari, royalti to‘lovlarning bir qismini qoplab berish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish belgilandi.

Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekistonni xalqaro ta’lim dasturlari va standartlari keng joriy etilgan, mintaqadagi yetakchi ta’lim markaziga aylantirishdir. Taqdimotda oxirgi sakkiz yil ichida mamlakatda oliy ta’lim bilan qamrov 9 foizdan 44 foizga, talabalar soni esa 270 mingdan 1,7 million nafargacha yetgani qayd etildi.

2026-yilda 643 ta texnikumdan 100 tasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarning kasbiy ta’lim dasturlari joriy etilmoqda. Education City — Qatar Foundation tomonidan yaratilgan, taxminan 12 kv km maydonga ega ta’lim va ilmiy majmuadir. Bitta hududda Carnegie Mellon, Georgetown, Northwestern, Virginia Commonwealth va Weill Cornell Medicine kabi yetakchi xorijiy oliygohlarning filiallari, shuningdek, mahalliy Hamad bin Xalifa universiteti va ilmiy markazlar faoliyat yuritadi.

Dubai International Academic City — Dubaydagi ixtisoslashgan universitetlar hududi bo‘lib, u yerda mahalliy va xorijiy oliygohlar, o‘quv korpuslari, laboratoriyalar va talabalar uchun infratuzilma joylashgan. Loyiha mintaqaviy oliy ta’lim markazi sifatida ishlab chiqilgan va turli mamlakatlardan talabalar hamda o‘qituvchilarni jalb qiladi.

Incheon Global Campus — mamlakat hukumati va Inchon shahri hokimiyati tomonidan yaratilgan xorijiy universitetlar filiallarining umumiy kampusidir. Bu yerda Nyu-York shtati universiteti, George Mason University, Gent universiteti va Yuta universiteti bo‘linmalari faoliyat yuritadi hamda talabalar bosh oliygoh diplomlarini oladi.

Source: www.gazeta.uz