Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

23-iyun kuni Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani jinoyat ishlari sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 56 yoshli Z.A. ismli fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u 2025-yil mart oyida ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan va keyinchalik Vladivostokdagi 30926-sonli harbiy qism bilan shartnoma imzolagan.

Sud materiallarida qayd etilishicha, Z.A. avval Sevastopolda 15 kun jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan, AK-74 avtomatidan foydalanishni o‘rgangan. Keyin Kursk viloyatiga yuborilib, u yerda ham harbiy mashg‘ulotlarni davom ettirgan. 2025-yil 19-iyulda poligondagi mashg‘ulotlar vaqtida u chap oyog‘ini sindirib olgan va Moskvadagi Vishnevskiy harbiy gospitalida davolangan.

Z.A. sudda o‘zini himoya qilib, mast holatda migratsiya markaziga borganida Rossiya harbiylari tomonidan majburlab shartnoma imzolatilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil iyun oyida spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda migratsiya markaziga borganida, uni alohida xonaga olib kirib, “armiyaga xizmatga borasan” deb Rossiya harbiylariga topshirishgan.

Sudlanuvchi, shuningdek, ataylab okopga sakrab oyog‘ini sindirganini, chunki urushda qatnashishni istamaganini bildirgan. U 2025-yil dekabr oyida Vladivostokda O‘zbekiston konsulligiga murojaat qilib, vatanga qaytish guvohnomasini olgan va 2026-yil 11-yanvar kuni Toshkentga qaytgan.

Sud Z.A.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topib, unga 3 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Hukmga ko‘ra, mahkum ish yoki o‘qishga borish va uyiga qaytishdan tashqari yashash joyini tark eta olmaydi, probatsiya organining roziligisiz yashash joyini o‘zgartirishi va Surxondaryo viloyati hududidan tashqariga chiqishi taqiqlangan.

Source: www.gazeta.uz