Bilim va malakalarni baholash agentligi (BMBA) 2026-2027 o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari jadvalini e’lon qildi. Imtihonlar 14-iyuldan 23-iyulgacha, 10 kun davomida o‘tkaziladi.
Test sinovlari kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Abituriyentlardan imtihon boshlanishidan kamida bir yarim soat oldin belgilangan hududga yetib kelish talab etiladi.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi” berilgan. Uni agentlikning my.uzbmb.uz sayti orqali shaxsiy kabinetdan yuklab olish va chop etish lozim. Ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenadan boshqa joyda imtihon topshirish mumkin emas.
Imtihonga kelishda fuqarolik pasporti (ID karta) va abituriyent ruxsatnomasining asl nusxasi talab qilinadi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelganlar, shuningdek, kechikkanlar imtihonga kiritilmaydi.
BMBA ma’lumotlariga ko‘ra, jami 677 907 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 664 609 nafari test sinovlarida ishtirok etadi. Ro‘yxatdan o‘tganlarning 365 196 nafari (53,9%) ayollar, 312 711 nafari (46,1%) erkaklardir.
Bu yil 64 ta yopiq turdagi katta sig‘imli bino test sinovlariga tayyorlangan. Ularda bir smenada 1183 ta guruhda 35 490 nafar, bir kunda esa 70 980 nafar abituriyent imtihonda ishtirok etishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz