O‘zbekistonda temir ruda zaxirasi 1,5 mlrd tonna deb baholanmoqda. Hukumat metallurgiya uchun mahalliy xomashyo bazasini kengaytirish, konlarni o‘zlashtirishni jadallashtirish va choksiz quvurlar ishlab chiqarishni ham o‘z ichiga olgan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 13-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev qora metallurgiya sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, “Surun-ota” konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan. Ushbu kondan temir konsentrati 2027-yildan boshlab kombinatga (“O‘zmetkombinat”) yetkazib berilishi shartligi belgilandi.
Bundan tashqari, “Tebinbuloq” konini uch-to‘rt yilda ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoni yaratiladi (avval Tebinbuloq kon-metallurgiya kombinati qurilishi bilan tadbirkor Baxtiyor Fazilovga aloqador Saneg ENERA tarkibiga kiruvchi Triangul Metals Tebinbulak kompaniyasi shug‘ullangan).
Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini sotib olish bo‘yicha memorandum imzolangani qayd etilib (dastlab 300 ming tonna xomashyo sotib olish haqida xabar berilgan), tez fursatda shartnomani rasmiylashtirish va kelgusi yildan xomashyo olib kelishni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Metallurgiya sohasidagi yirik xususiy korxonalar ham geologiya-qidiruv ishlari, konlardan xomashyo qazib olish va tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni tashkil etishga tayyor ekani ta’kidlandi. Samarqanddagi korxona temir koni berilsa, xomashyo qazib olishga 500 million dollargacha sarmoya kiritish tashabbusini bildirgan.
Bekobod metallurgiya kombinati esa xomashyo bazasini kengaytirish uchun Forishdagi 32 million tonna temir resursiga ega “Temirkon”ni o‘zlashtirishni so‘ragan. Prezident buning uchun sharoit yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari borligi prognoz qilinmoqda. Mutasaddilarga ushbu maydonlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, bir oyda temir va uni boyitishga zarur minerallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha geologiya dasturini kiritish topshirildi.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida chetdan xomashyoni markazlashgan holda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu kompaniyaga 200 million dollar ajratiladi, import xomashyo faqat birja orqali sotiladi.
Yig‘ilishda metall mahsulotlari assortimentini ko‘paytirish ham muhokama qilindi. Birgina choksiz quvurga mamlakatda 280 million dollarlik talab bor. Asosiy savdo hamkorlar ham yiliga 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, shundan 170 million dollarlik qismini eksportga yo‘naltirish mumkin.
Mutasaddilarga uch oyda choksiz quvur, sovuq prokat, metalni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlab, ishni boshlash topshirildi.
Bundan tashqari, ishga tushirilgan quyuv-prokatlash majmuasi hisobiga avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikalari, qurilish materiallari sohalarida 1,5 milliard dollarlik mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.
Prezident Bekobod metallurgiya kombinati import xomashyoga yuqori darajada bog‘liqligiga e’tibor qaratdi: u metall prokatning 40 foizini ikkilamchi metaldan, 60 foizini import hisobidan ishlab chiqarmoqda. Respublika bo‘yicha har yili 700 ming tonna qora metallolom kombinatga topshirilayotgan bo‘lsa-da, yana 500 ming tonna metallolom xufiyona aylanmada qolmoqda.
Shubois, qora metall aylanmasi bilan bog‘liq barcha jarayonlar elektron platforma orqali real vaqt rejimida monitoring qilinadi. Mutasaddilarga 1-avgustdan E-lom elektron platformasini ishga tushirib, qora metall aylanmasini nazoratga olish topshirildi. Bundan tashqari, qora metallurgiya sanoatida sog‘lom raqobat muhiti va narx barqarorligini ta’minlash, sohada ta’sirchan nazorat mexanizmlarini o‘rnatish uchun hukumatda alohida loyiha ofisi tashkil etiladi.
Source: www.gazeta.uz