Andijonda besh qavatli turar-joy binosining tomida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi binosi yonida joylashgan uyda yuz berdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 14 iyul kuni soat 01:43 da “112” tez yordam xizmati orqali Boburshoh ko‘chasidagi “Hamdo‘stlik” mahallasida joylashgan besh qavatli uyning tomi yonayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga yetib kelgan yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari yong‘inni tezda o‘chirishga muvaffaq bo‘ldi. Yong‘in natijasida hech kim jabrlanmadi.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Source: kun.uz