Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Rayyan Kids Group xususiy bog‘chasining (yuridik nomi — Rayyan Kids Land) litsenziyasini bekor qildi. Bu qaror iyul oyi boshida tarbiyachining bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabati aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan keyin qabul qilindi.
Sud Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining da’vo arizasini ko‘rib chiqdi. Vazirlik bog‘chaga nisbatan litsenziyani bekor qilish tarzidagi huquqiy ta’sir chorasini qo‘llashni talab qilgan edi. Sud tashkilotga 2025-yil 13-avgustda berilgan nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyani bekor qildi.
Raislik qiluvchi sudya qarorning mazmun-mohiyatini, shuningdek, uning ustidan shikoyat qilish muddatlari va tartibini tushuntirdi. Ishni ko‘rib chiqishga asos bo‘lgan hodisa — Toshkentdagi xususiy bog‘chadan olingan videoning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi ortidan yuzaga kelgan rezonans edi.
Kadrlarda tarbiyachi bir bolaning og‘ziga mato tiqayotgani, boshqa bir bolaning qo‘lini esa eshikka qisib qo‘ygani aks etgan. Video e’lon qilinganidan keyin Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vaziyatni nazoratga olganini va huquq-tartibot idoralari vakillari ishtirokida ishchi guruh tuzilganini ma’lum qildi.
Toshkent shahri IIBB 36 yoshli tarbiyachi tarbiyalanuvchilarga nisbatan tizimli ravishda jismoniy kuch ishlatib, ularga shafqatsiz munosabatda bo‘lganini xabar qilgan. Bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tekshiruv, shuningdek, Uchtepa tumani hokimligi tomonidan ham olib borilgan.
Ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlariga ko‘ra, Rayyan Kids Land oilaviy korxonasi 2024-yil 21-oktabrda 5 million so‘mlik ustav fondi bilan tashkil etilgan. Tashkilot rahbari sifatida Shohrux Qodirov ko‘rsatilgan. Muassislar Muxlisa Patxullayeva va Shuhratilla Patxullayev bo‘lib, ularning har biriga korxonaning 50 foizli ulushi tegishli.
Shohrux Qodirov, shuningdek, dam olish va ko‘ngilochar sohada xizmat ko‘rsatuvchi New Pro Club Business kompaniyasida 100 foizli ulushga ega hamda faoliyati mehmonxonalar va shunga o‘xshash joylashtirish vositalari bilan bog‘liq bo‘lgan Sunny Mont Blank korxonasiga rahbarlik qiladi.
Source: www.gazeta.uz