Yunusobod tumanida o‘tkazilgan “Xavfsiz va sog‘lom mamlakat” oyligi doirasidagi tezkor-profilaktik tadbirlar chog‘ida 10 million 976 ming dollarlik kriptoaktivlarning noqonuniy muomalasi aniqlangan. Bu haqda poytaxt Bosh ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqand viloyatida tug‘ilgan, Toshkentda yashovchi 20 yoshli fuqaro jinoiy yo‘l bilan olingan pul mablag‘larini kriptoaktivlarga ayirboshlab, ularning kelib chiqishi, haqiqiy egalari va moliyaviy oqimlar harakatini yashirish bilan shug‘ullangan.
Uning vaqtinchalik yashash joyini ko‘zdan kechirish chog‘ida ashyoviy dalil sifatida 24 ta mobil telefon, 20 ta bank plastik kartasi, noutbuk va Wi-Fi router olib qo‘yilgan.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (Kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Source: uznews.uz