Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 14−30 yoshli yoshlarning 33,2 foizi NEET toifasiga kiradi. Bu ularning na o‘qishi, na ishlashi, na kasbiy tayyorgarlikdan o‘tishini anglatadi. Hisobot 2025-yilda Statistika agentligi tomonidan o‘tkazilgan uy xo‘jaliklari budjeti so‘rovi ma’lumotlariga asoslangan.
Tadqiqotda yoshlarning atigi 36,1 foizi ish bilan band, 30,7 foizi esa ta’lim yoki kasb-hunar o‘rganish bilan shug‘ullanayotgani qayd etilgan. Mualliflarning fikricha, NEET ko‘rsatkichining yuqoriligi iqtisodiyot va ta’lim tizimining o‘sib borayotgan yoshlar sonini to‘liq qamrab ololmayotganini aks ettiradi.
Yosh ayollar orasida NEET ulushi 48,4 foizni tashkil etib, erkaklardagi 19,4 foizdan 2,5 barobar yuqori. Qizlar va yigitlarning ta’limda ishtirok etish darajasi deyarli bir xil bo‘lsa-da (ayollarda 32,3 foiz, erkaklarda 29,4 foiz), mehnat bozorida keskin farq kuzatiladi: yosh ayollarning atigi 19,3 foizi ishlaydi, erkaklarda esa 51,3 foiz.
Nikoh holati NEET ko‘rsatkichiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Turmushga chiqqan ayollarning 70,8 foizi NEET toifasiga kirsa, turmush qurgan erkaklarning 86,2 foizi ishlaydi. Turmushga chiqmagan qizlar orasida NEET ulushi atigi 10 foizni tashkil etadi, bu uylanmagan erkaklarnikidan (13,9 foiz) ham past.
Hududlar kesimida eng yuqori NEET ko‘rsatkichi Samarqand viloyatida (39 foiz), eng pasti esa Toshkent shahrida (25,6 foiz) qayd etilgan. Qishloq joylarda NEET ulushi 34,4 foiz, shaharlarda 32 foiz.
Oila daromadlari bilan NEET o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud: eng kambag‘al oilalardagi yoshlarning 46,1 foizi NEET toifasiga kiradi, eng boy oilalarda esa 20,8 foiz. Kambag‘al oilalarda bu ko‘rsatkich 53,9 foizga yetadi.
Tadqiqotchilar “demografik dividend” imkoniyatidan ogohlantirgan: yosh aholi sonining o‘sishi yetarli ish o‘rinlari va ta’lim imkoniyatlari bo‘lmasa, ijtimoiy himoya tizimiga og‘ir yuk bo‘lishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz