O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8–9-iyul kunlari Belarusga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ijrosiga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif chog‘ida o‘zaro savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 2 mlrd dollarlik 310 ta loyiha va chora-tadbirni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Davlat rahbari ularni qisqa muddatda amaliy natijaga aylantirish, yangi korxonalar va ish o‘rinlarini tashkil etish, tadbirkorlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi.
Belarusda investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun taklif etilayotgan sanoat obyektlari, davlat mulki va keng qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud. Mamlakat hududining 40 foizini yoki 8 mln gektarini qishloq xo‘jaligi maydonlari tashkil etadi.
Belarusda ishlash yoki biznes yuritish istagidagi fuqarolar va tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, Belarus tomoni bilan oldindan kelishib, ish joyi, yashash sharoiti, loyiha uchun zarur bino va yer masalalarini hal etgan holda ularning borishini tashkil qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Taqdimotda Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida bajarilgan ishlar haqida axborot berildi. Ikki hudud o‘rtasida “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, aniq tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish boshlangan. Jumladan, 255 nafar Andijon viloyati fuqarosining tashkiliy asosda Vitebskka borishi va bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. “Andijon invest” kompaniyasi ishtirokida yirik chorvachilik kompleksi va sanatoriy majmuasi negizida investitsiya hamda ijtimoiy tashabbuslarni boshlash choralari ko‘rilmoqda.
Umuman, Vitebsk va Belarusning boshqa viloyatlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 100 mln dollardan ziyod bo‘lgan 30 ta yangi loyiha paketi shakllantirildi. Xususan, Vitebsk viloyatida 3 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan yirik sutchilik majmuasi, bir qator o‘rta hajmdagi chorvachilik xo‘jaliklari, yog‘ochni chuqur qayta ishlash va uning chiqindilaridan pellet ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Prezident Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasida shakllangan hamkorlik modelini boshqa hududlar kesimida ham rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari Belarusning Vitebsk, Mogilyov, Grodno, Gomel va Brest viloyatlariga biriktiriladi. Sanoat va agrar obyektlar negizida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” tasdiqlanadi.
Yil yakuniga qadar “Belarus temir yo‘llari” bilan hamkorlikda Vitebsk viloyatidagi Orsha stansiyasida eksport-import yuklari uchun maqbul tariflar asosida xizmat ko‘rsatadigan intermodal logistika markazini ishga tushirish belgilandi.
O‘zbekiston fuqarolarni tashkiliy tartibda ishga joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Birinchi bosqichda Vitebsk va boshqa hududlardagi 13 ta korxonaga 1100 kishini tanlov asosida ishga joylashtirish rejalashtirilgan.
Sentabr oyidan boshlab har oyda 500 nafardan, jami 5 ming nafar andijonlikni Vitebsk viloyatida doimiy ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Buning uchun Vitebsk shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochiladi.
Tadbirkorlarga Belarusda hisobvaraq ochish, ustav fondiga mablag‘ o‘tkazish va loyihalariga moliyaviy resurslar olishda ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi. Vitebskda zamonaviy sutchilik majmuasi, yog‘ochni qayta ishlash zavodi va logistika kompaniyasini tashkil etish uchun zarur mablag‘larni qulay shartlarda ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Source: www.gazeta.uz