Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan Katartal ko‘chasi uchastkasini zamonaviy turistik yo‘nalishdagi hududga aylantirish ishlari boshlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tuman hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev qurilish va ta’mirlash ishlarining borishi bilan tanishdi. Ayniqsa, ishlarning sifatiga, shuningdek, shaharsozlik me’yorlari va yangi dizayn-kod talablariga rioya qilinishiga alohida e’tibor qaratildi.
Loyiha amalga oshirilayotganda asosiy ustuvorlik aholi va mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘tgan yilning sentyabr oyida Katartal turistik ko‘chasini obodonlashtirishga 10,2 milliard so‘m yo‘naltirilishi haqida xabar berilgan edi.
Source: www.uznews.uz