O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farhod Mamatjonovga Perfectum mobil aloqa operatori savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless Communication kompaniyasining 50 foiz ulushini sotib olish bitimini ma’qulladi.
Qo‘mita matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirkorning iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik olish haqidagi arizasi ko‘rib chiqilgan. Maxsus komissiya tahlili bitimning tovar bozorida raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligini aniqlagan va arizani qanoatlantirish hamda bitimga rozilik berish haqida qaror qabul qilingan.
2024-yil avgust oyida Farhod Mamatjonov prezident Shavkat Mirziyoyevga Britaniyaning Vodafone kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda 5G Standalone mobil aloqa tarmog‘ini ishga tushirish rejalari haqida ma’lum qilgan edi. U Perfectum kompaniyasini xususiylashtirganini va dunyodagi yirik kompaniyalardan biri bilan birgalikda 5G Standalone mobil aloqasini ishga tushirish ishlarini boshlaganini ta’kidlagan.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, loyihaga 250 mln yevro investitsiya kiritish rejalashtirilgan. Shundan 100 mln yevro Finlyandiya eksport agentligidan “O‘zsanoatqurilishbank” orqali jalb qilinadi, qolgan 150 mln yevro esa ta’sischilar mablag‘lari hisobidan kiritiladi. Uskuna va texnologiyalarni Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi yetkazib beradi, texnik hamkor sifatida BAAning e& texnologik guruhi ishtirok etadi.
Loyihani 2025-yilning birinchi choragida ishga tushirish va 1000 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Mamatjonov loyihaning maqsadi milliy mobil aloqa operatorini yaratish ekanini ta’kidlagan.
2024-yil iyun oyida Perfectum 5G Standalone New Radio texnologiyasi asosida yangi infratuzilma yaratish bo‘yicha e& Group bilan hamkorlik shartnomasini imzolagan. Undan avval, 2023-yil oktabr oyida operator Nokia ishtirokida 5G New Radio texnologiyasini joriy etish rejalari haqida xabar bergan edi.
2024-yil mart oyida avval 65 foiz ulushi davlatga tegishli bo‘lgan Perfectum to‘liq yangi mulkdorga o‘tgani ma’lum bo‘lgan. Operatorning yuridik shaxsi – Rubicon Wireless Communication MCHJning 100 foiz ulushi tadbirkor Abdumalik Iminovga tegishli bo‘lgan. Hozirda Iminov kompaniyaning 50 foiz ulushiga egalik qiladi, xorijiy IMC-Capital korxonasi 37,5 foiz, Kamron Akbarov esa 12,5 foiz ulushga ega.
Perfectum’dagi ulushdan tashqari, IMC-Capital UCMG kompaniyasining 75 foiziga ham egalik qilgan. Ushbu kompaniya 2024-yil iyul oyida Yagona umumrespublika protsessing markazi (Uzcard operatori), ATTO va Plum Technologies uchun ishonchli boshqaruvchi huquqini olgan.
Perfectum’dagi davlat ulushini xususiylashtirish rejalari haqida ilk bor 2020-yilda ma’lum qilingan edi. O‘shanda operatorning 65 foizi davlatga, qolgan 35 foizi esa Amis Protrade International kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. Ulushlarning sotilishi haqidagi ma’lumotlar ochiq manbalarda e’lon qilinmagan.
Source: www.gazeta.uz