Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

22-iyun kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tuman sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 31 yoshli U.R. ismli fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, u 2025-yil iyun oyida Sankt Peterburgda moddiy manfaatdorlik bilan Rossiya Qurolli kuchlari safiga yollangan.

U.R. Rossiya Mudofaa vazirligining 02511-sonli harbiy qismida oddiy askar sifatida xizmat qilib, Ukraina hududida bir yillik shartnoma asosida jangovar vazifalarni bajargan. Janglar chog‘ida ikki marta yaralangan, shundan so‘ng xizmatdan bo‘shatilgan. 2025-yil 24-noyabrda Rossiya fuqaroligini olgan, 2026-yil 19-yanvarda O‘zbekistonga qaytganida DXX va IIV xodimlari tomonidan ushlangan.

Sudda U.R. 2013-yildan beri Rossiyada mavsumiy ishlab kelganini, 2023-yil oktabrda 700 ming rubl va’da qilingan e’lonlarni ko‘rib shartnoma tuzganini aytgan. Bir oy karantin va o‘q otish tayyorgarligidan so‘ng Donetsk viloyatidagi harbiy lagerga yuborilgan. U ikki marta dron hujumida yaralangan: birinchi marta 2024-yil martda bel va oshqozondan, ikkinchi marta sentabrda Xarkov viloyatida o‘ng qo‘l va oyoqdan jarohat olgan.

Sudlanuvchi asosan blindajlar qurish bilan shug‘ullanganini va to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashmaganini bildirgan. Xizmat uchun 10 million rubl olgan, shundan 3 millionga kvartira sotib olgan. Sudda aybini to‘liq tan olib, pushaymonligini izhor qilgan.

Sud U.R.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topib, yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olgan holda 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘tash bilan belgilangan, muddat 2026-yil 27-yanvardan hisoblanadi.

Source: www.gazeta.uz