2026-yilning yanvar-iyun oylarida ichki ishlar organlari tomonidan 5010 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi, 2633 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topilib, oilasi bag‘riga qaytarildi. Bu haqda 14-iyul kuni IIV rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z bordi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashrapovning ma’lum qilishicha, 2026-yilning birinchi yarmida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tashabbusi bilan mamlakat bo‘ylab 19 755 ta jinoyat aniqlangan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foizga oshgan bo‘lib, 2025-yilning olti oyida bunday jinoyatlar soni 15 032 tani tashkil etgan.
Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan muhofaza qilish, narkojinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida keng ko‘lamli hamkorlikdagi tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada giyohvandlik vositasi noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 8653 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, jinoiy guruh va shaxslardan 2 tonna 733 kilogramm giyohvandlik vositalari olingan. Shundan, 52 kilogrammdan ortig‘i sintetik moddalar va 2651 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni tashkil etgan.
Axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlar ham asosiy muammolardan biriga aylangan. Joriy yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatda 41 mingdan ortiq jinoyat sodir etilgan bo‘lib, 93 foizi fuqarolarning pul mablag‘larini elektron to‘lov tizimlari orqali qo‘lga kiritish bilan bog‘liq.
Shu yilning o‘tgan davrida mamlakatdagi 5778 ta mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Bu respublikadagi barcha mahallalarning 64 foizini tashkil qilgan. 2025-yilning birinchi yarmida esa jinoyat qayd etilmagan mahallalar soni 5306 ta yoki 59,1 foiz bo‘lgan.
Tizim xodimlarining xizmat faoliyati haqida to‘xtalib, 2026-yilning yarmida 18 nafar xodim xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan. Yana 78 nafar xodim turli qaltis vaziyatlarni bartaraf etish jarayonida jarohat olgan. Shu yilning o‘zida 14 nafar ichki ishlar organlari xodimi davlat mukofotiga loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, Ichki ishlar vazirligi tomonidan 73 mingdan ziyod xodim rag‘batlantirildi.
Jurnalistlardan biri ayrim ichki ishlar xodimlari ishtirokida sodir bo‘layotgan shov-shuvli keyslar haqida gapirarkan, bunday holatlar tizim obro‘siga qay darajada ta’sir qilishini so‘radi. Bunga javoban vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapov har bir shunday holat tizim uchun og‘riqli ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, tarmoqlarda tarqalgan ayrim videolar to‘liq manzarani aks ettirmasligi ham uchraydi. “Birinchi tarqalgan salbiy videoni 100 ming kishi ko‘rgan bo‘lsa, keyin ijobiy tomonini ko‘rsatsangiz, uning ko‘ruvchilari 1 foizcha bo‘ladi”, dedi u. Shu bilan birga, u ichki ishlar tizimidagi qonunbuzilishlarning aksariyati idoraning o‘zi tomonidan aniqlanayotganini aytdi: “Sodir etilayotgan jinoyatlarning 75 foizi komplayens xizmati xodimlari, ya’ni o‘zimizning maxsus xizmatimiz tomonidan aniqlanyapti.”
Jazoni ijro etish departamentida raqamlashtirish jarayonlari, mahkumlar yaqinlariga yaratilayotgan sharoitlar hamda sohadagi ochiqlik masalalariga to‘xtalib, IIV Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Bahrom Madiyorov jurnalist tomonidan ko‘tarilgan masalalar dolzarb ekanini tan oldi. “To‘g‘risini tan olish kerak, jazoni ijro etish tizimi bugungi kungacha to‘liq raqamlashtirilmagan. Lekin oxirgi kunlarda vazirimizning e’tibori faqat raqamlashtirishga qaratilyapti”, dedi u. Hozirgi kunda jazoni ijro etish muassasalarida 9000 dan ortiq videokuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lib, ularning qariyb 95 foizi raqamli kameralar hisoblanadi. “Demet” tizimini integratsiya qilish jarayonida ozgina qoldi, bu uzog‘i bilan bir-ikki oyda ishga tushib ketadi.
YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov tonirovkaga ruxsat berish tartibi 2018-yilda qabul qilingan hukumat qarori bilan joriy etilganini eslatdi. Dastlab avtomobil oynalarini qoraytirish ruxsatnomasi narxi BHMning 90 baravari etib belgilangan bo‘lib, bugungi hisob-kitobda 37 million so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etgan bo‘lar edi. Fuqarolardan kelib tushgan juda ko‘p takliflarni inobatga olgan holda qarorga to‘rt marta o‘zgartishlar kiritildi va narxlar 11-25 baravar arzonlashtirildi. Hozirda avtomobilning orqa yon oynalari va orqa oynasini mutlaqo bepul qoraytirishga ruxsat berilgan. Jurnalist 2025-yil avgust oyida yozgi mavsum uchun arzonlashtirilgan tonirovka joriy etilishi ko‘rib chiqilayotgani aytilganini eslatib, bu borada yangilik bor-yo‘qligini so‘radi. Bunga javoban Erali Bozorov qisqacha: “Yo‘q”, dedi.
Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Husniddin Azizovning aytishicha, ichki ishlar xodimlariga pora taklif qilinganda bu haqda o‘z rahbariga yoki bevosita Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasiga murojaat qilgan xodimlar rag‘batlantiriladi. 2026-yilning birinchi yarmida 136 nafar ichki ishlar xodimi pora taklif qilingani haqida murojaat qilgan. Biroq barcha uchun teng miqdorda belgilangan aniq summa yo‘q.
Tadbir yakunida vazir o‘rinbosari Ramazon Ashrapov tergov sifati haqida to‘xtaldi. 2026-yilning birinchi yarmida 116 mingdan ortiq jinoyat ishi tergov qilingan. Yarim yil davomida qariyb 40 mingta jinoyat ishi yakunlangan. 2018-yilda 151 ta oqlov bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda olti oyda 44 ta oqlov bo‘ldi. Bu tergov sifati bosqichma-bosqich yaxshilanayotganini ko‘rsatadi. Prezident tomonidan birorta ham fuqaro nohaq ayblanmasligi, aybdor shaxs esa javobgarlikdan qochib qolmasligi bo‘yicha qat’iy talab qo‘yilgan.
Source: www.gazeta.uz