14-iyul kuni O‘zbekiston bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari rasman start oldi. 10 kun davom etadigan imtihonlarda jami 664 mingdan ortiq abituriyent o‘z bilimini sinab ko‘rmoqda. Testlar mamlakat bo‘ylab 64 ta yirik yopiq binoda, kuniga ikki smenada tashkil etilgan.
Toshkentda asosiy imtihon maydonlari sifatida “Yoshlik” sport majmuasi va “O‘zekspomarkaz” tanlangan. Gazeta muxbiri Mirolim Isajonov 17-iyul kuni ushbu ikki obektda bo‘lib, jarayonlarni kuzatdi hamda abituriyentlar va ularning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
“O‘zekspomarkaz”ning 4 ta paviloni hamda 1 va 2-atriumlarida test sinovlari o‘tkazilmoqda. Har bir bino kameralar va sovitish uskunalari bilan jihozlangan. Abituriyentlar va ota-onalar imtihon sharoitlarini asosan ijobiy baholamoqda.
Xorazmdan kelgan Komila maktabni bu yil tamomlab, birinchi marta hujjat topshirgan. U yuridik yo‘nalishni tanlagan. “Imtihon oldidan eng katta xavotirim ingliz tili edi. Maktabda fransuz tilini o‘qiganimiz uchun inglizcha o‘rganishim biroz qiyin kechdi. Matematika va huquq fanlaridan repetitorga qatnadim”, deydi u. Test savollarining 50-60 foizi o‘rgangan mavzularidan tushgan.
Toshkent viloyatidan Munisa bu yil o‘ninchi marta hujjat topshirgan. Uning orzusi pedagogika yo‘nalishida o‘qib, o‘qituvchi bo‘lish. “O‘n yil ichida oila, farzandlar tashvishi bilan to‘liq tayyorgarlik ko‘rish imkoni bo‘lmadi. Bolalarim katta bo‘lib qolgani sababli jiddiy hozirlik ko‘rdim. Ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat oldim”, deydi u. Munisa imtihon sharoitlaridan mamnun.
Toshkentlik Abbos huquqshunoslik yo‘nalishiga ikkinchi marta hujjat topshirgan. Ilk bor 2024-yilda imtihonga kirgan, ball yetmagani uchun talaba bo‘lolmagan. Keyin bir yil armiyada xizmat qilgan. Imtiyozga ega bo‘lgani uchun yana omadini sinab ko‘rishga qaror qilgan.
Samarqand viloyati Payariq tumanidan Abu Rayxon Beruniy nabirasi Javohirni imtihonga olib kelgan. “Nabiramning orzusi prokuror bo‘lish. Yo‘lda kelishda va imtihon oldidan unga faqat yaxshi tilaklar bildirdim, duo qildim. Endi hammasi uning mehnati va nasibasiga bog‘liq”, deydi u.
Bo‘stonliq tumanidan Shahlo Axmedova kichik o‘g‘lining birinchi marta imtihon topshirayotganini aytdi. U o‘g‘liga shoshilmaslikni, savollarni yaxshilab o‘qishni maslahat bergan. “Meni eng ko‘p xavotirga solgan masala – bolalar qanday sharoitda test topshirayotganini ko‘ra olmaganimiz. Oldingi yillarda ekran orqali kuzatish imkoni bor edi, bu yil yo‘q”, deydi u. Shuningdek, ota-onalar uchun tashqarida yetarli sharoit yaratilmaganini, ventilyatorlar yo‘qligini ta’kidladi.
“Yoshlik” sport majmuasida kuniga ikki smenada imtihonlar o‘tkazilmoqda. Binoning ichki qismiga 38 ta videoyozuv kamera o‘rnatilgan, 8 ta katta konditsioner bilan ta’minlangan. 95 nafar o‘qituvchi nazoratchilik vazifasini bajarmoqda.
Bo‘ka tumanidan Nurzod maktabni shu yil bitirgan va birinchi marta hujjat topshirgan. U imtihonni 25 minutda tugatgan. “Rostini aytsam, men uchun o‘qishga kirish hayot-mamot masalasi emas. Oilaviy biznesimiz bor. Lekin baribir oliy ma’lumotli bo‘lishni istayman”, deydi u.
Toshkent shahridan Abdulazim Abdullayev maktabni o‘tgan yili bitirgan, ammo hujjat topshirmagan. U birinchi marta imtihon topshirmoqda. “Turk tilidan savollarni oson yechdim, birorta ham xato qilmaganman, deb o‘ylayapman. Matematikadan biroz qiynaldim”, deydi u. Abdulazim test tizimiga o‘zgartirish kiritish imkoniyati berilganda, majburiy fanlarni abituriyentning o‘zi tanlashini yo‘lga qo‘yishni taklif qiladi.
Yunusobod tumanidan Muqaddam Tursunova qizi Mavluda arxitektura yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirgan. “Oilaviy sharoitimiz tufayli farzandimni repetitorga bera olmadik, maktabda olgan bilimiga tayandi”, deydi u. Muqaddam imtihon vaqtini ko‘paytirish kerakligini ta’kidlaydi.
Kitob tumanidan Tolib Otaqulov to‘ng‘ich qizining o‘g‘liga hamroh bo‘lib kelgan. “Nabiram repetitorga qatnamadi, faqat maktab bilimi bilan imtihonga kirdi. Agar kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinsa ham, albatta o‘qitamiz”, deydi u.
Umuman olganda, abituriyentlar va ota-onalar imtihon tashkil etilishini ijobiy baholamoqda, biroq ayrim kamchiliklar – ota-onalar uchun kuzatuv imkoniyati yo‘qligi, issiq havo va vaqt yetishmasligi kabi muammolar ham qayd etilmoqda.
Source: www.gazeta.uz