Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2026-yilning birinchi yarmida fuqarolardan yoqilg‘i-energetika sohasiga oid 39 200 ta murojaat kelib tushdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 800 ta yoki 26,1 foizga kam. Biroq, bugun, 17-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda har bir murojaat sohada hali ham muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, har bir murojaat alohida holat sifatida emas, balki muayyan hudud, tarmoq yoki xizmatdagi muammolar mavjudligini ko‘rsatuvchi muhim signal sifatida baholanishi lozim.

Murojaatlarning 50 foizi tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti, 38,3 foizi esa elektr ta’minoti bilan bog‘liq. Fuqarolar asosan suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish, elektr ta’minotidagi uzilishlar, elektr tarmoqlarini qurish va ta’mirlash, shuningdek, tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq masalalarni ko‘targan.

Prezident kelgusi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida takroriy murojaatlar ko‘p tushayotgan mahallalar va obyektlarni o‘rganish, elektr hamda gaz tarmoqlarining texnik holatini tekshirish, shuningdek, hududlar kesimida aniq kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha manzilli rejalar ishlab chiqishni topshirdi.

Yig‘ilishda, ayniqsa, elektr ta’minotida uzilishlar ko‘p kuzatilayotgan hududlarda tarmoq va transformatorlarni ta’mirlash, avariya brigadalarining shayligini oshirish, tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq muammolar mavjud joylarda ta’minot barqarorligini ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish va aholiga yetkazib berish jadvallariga qat’iy rioya qilish, talab yuqori bo‘lgan hududlarda esa qo‘shimcha zaxira va imkoniyatlarni safarbar etish zarurligini qayd etildi.

Shuningdek, prezident fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan tizimli muammolarni kuz-qish mavsumi boshlangunga qadar bartaraf etish, bu borada mahalliy hokimliklar, “mahalla yettiligi” va kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan uzviy hamkorlikda tizimli ish olib borish lozimligini ta’kidladi.

Source: www.gazeta.uz