Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 16-iyuldagi 388-sonli qarori bilan “Bond omborlari faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomni, shuningdek, jismoniy shaxslarga maxsus elektron savdo platformalari orqali tovarlarni chakana sotishning vaqtinchalik tartibini tasdiqladi.

Hujjat transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish, logistikani soddalashtirish va xorijiy tovarlarni O‘zbekistondagi yakuniy xaridorlarga yetkazish imkonini beruvchi bond omborlari faoliyati uchun huquqiy asos yaratishga qaratilgan.

Bond ombori – erkin ombor hududida joylashgan ixtisoslashtirilgan ombor bo‘lib, unda xorijiy tovarlar realizatsiya qilinmagunga qadar bojxona nazorati ostida saqlanadi. Buyurtma maxsus elektron savdo platformasi orqali rasmiylashtirilgach, tovar zarur bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlaridan o‘tadi va xaridorga topshiriladi.

Nizomga ko‘ra, bond omborida tovarlarni saqlash, yig‘ish, qadoqlash, markalash, sifatini tekshirish va boshqa tayyorgarlik operatsiyalarini bajarishga ruxsat etiladi. Biroq ishlab chiqarish qayta ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bond ombori operatori sifatida faqat yuridik shaxslar ishlashi mumkin. Ular bojxona organlarida hisobga olingan, litsenziyaga ega bo‘lgan, moliyaviy barqarorlikni tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lishi va bojxona qonunchiligini buzganlik uchun sudlanganlik holati bo‘lmasligi kerak. Operator reyestrga kiritish uchun Bojxona qo‘mitasiga ariza va tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.

Ariza 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra ombor reyestrga kiritiladi yoki belgilangan talablarga nomuvofiq bo‘lsa, rad etiladi.

Xorijiy tovarlar chegara bojxona nazoratidan o‘tgandan keyin bond omboriga yetkaziladi. Tovar kelib tushganidan keyin 15 kalendar kun ichida egasi tovarni erkin ombor rejimiga joylashtirish uchun bojxona deklaratsiyasini topshirishi shart. Rasmiylashtirish tugamaguncha tovarlar bilan identifikatsiya, hisob va saqlashdan boshqa operatsiyalarni bajarish taqiqlanadi.

Sotish faqat maxsus elektron savdo platformalari orqali amalga oshiriladi. Buyurtma rasmiylashtirilgach, ma’lumotlar avtomatik ravishda bojxona organlariga uzatiladi. Kerakli bojxona to‘lovlari to‘langandan so‘ng tovar chiqariladi va xaridorga topshiriladi. Agar tovar O‘zbekistondan tashqaridagi xaridorga sotilsa, u eksport rejimida rasmiylashtiriladi va bond ombori hududidan olib chiqiladi.

Operatorlar bojxona qonunchiligiga rioya qilish, tovarlarning hisobini yuritish, bojxona organlariga tekshirish uchun ruxsat berish va har chorakda hisobot taqdim etish majburiyatini oladi. Agar bond omboridagi tovar ikki yil davomida sotilmasa, operator bir oy ichida uni qayta eksport qilishi, yo‘q qilishi yoki boshqa bojxona rejimiga joylashtirishi shart.

Qaror bilan maxsus elektron savdo platformalari faoliyatining vaqtinchalik tartibi ham tasdiqlandi. Platformalar maxsus reyestrda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi, xaridorlarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishni ta’minlashi, davlat axborot tizimlari bilan integratsiyalashuvi va bojxona organlari bilan elektron hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Yangi qoidalarning joriy etilishi import tovarlarni yetkazib berishni tezlashtirish, bojxona ma’muriyatchiligining shaffofligini oshirish va O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratishi kutilmoqda.

Source: uznews.uz