Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Besh yil avval “Toshkent” xalqaro aeroportining yuk terminali o‘z loyiha quvvatidan qariyb uch baravar yuqori yuklama ostida ishlardi. 1994−2000-yillarda qurilgan majmua yiliga 30 ming tonna yukka mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramay, 2024-yilda u orqali 79 910 tonna yuk o‘tgan.

Yangi terminal 2025-yilning mart oyida ochildi. Uning loyiha quvvati yiliga 120 ming tonnani tashkil etadi, bu esa avvalgi ko‘rsatkichdan to‘rt baravar ko‘pdir.

17-iyul kuni bo‘lib o‘tgan press tur davomida jurnalistlarga majmua ish faoliyati qanday tashkil etilgani — yuklarni qabul qilish va saqlashdan tortib, ularni rasmiylashtirish hamda tarqatishgacha bo‘lgan jarayonlar ko‘rsatildi. Gazeta muxbirlari ham obyektda bo‘ldi.

Poytaxt aeroporti yuk tashishni tashkil etish xizmati boshlig‘i Nozim Shaymardanovning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil yakunlari bo‘yicha terminal 88 080 tonna yuk va pochtaga ishlov bergan. 2026-yilning birinchi yarimyilligida esa bu ko‘rsatkich 48 189,6 tonnani tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33,2 foizga (yoki 12 023,8 tonnaga) ko‘pdir. Prognozlarga ko‘ra, 2026-yil yakuni bo‘yicha yuk va pochtaga ishlov berish hajmi taxminan 92 ming tonnaga yetadi.

Yangi terminal nafaqat joriy hajmlarni, balki kelgusida yuk tashish sohasining yanada o‘sishini hisobga olgan holda loyihalashtirilgan, deya tushuntiradi Uzbekistan Airports yuk tashish faoliyatini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Buxorov. Uning ta’kidlashicha, 2023-yilga kelib aeroportning yuk tashish hajmi bo‘lajak majmua loyiha quvvatining 73 foiziga yetib bo‘lgandi. Shu sababli terminalni yillar davomida ehtiyojlarni qondira oladigan zaxira bilan qurish qarori qabul qilingan.

Majmua 5,2 gektar maydonni egallaydi. Uning tarkibiga maydoni 3 ming kv metr bo‘lgan uch qavatli ma’muriy bino, 8,5 ming kv metrli omborxona hamda umumiy maydoni 500 kv metrni tashkil etuvchi sovitish va muzlatish kameralari kiradi.

2026-yil boshidan buyon terminal orqali 1179 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. Import bo‘yicha esa 15 147 tonna oddiy yuk, 4689 tonna tez buziladigan mahsulotlar va 1198 tonna tirik hayvonlar qabul qilindi. Eng tig‘iz davrlarda terminal bir sutkada 500 tonnagacha yukka ishlov beradi, samolyot qo‘nganidan boshlab yuk oluvchiga topshirilgunga qadar bo‘lgan o‘rtacha vaqt esa 3−4 soatni tashkil etadi.

“Toshkent” aeroporti yuk tashish departamenti rahbari Umid Hamroyevning ta’kidlashicha, o‘sishning sezilarli qismini sanoat mahsulotlari emas, balki marketpleyslardan kelayotgan jo‘natmalar ta’minlamoqda.

“Pandemiyadan so‘ng onlayn xaridlar ommaviyligi keskin oshdi. Bugungi kunda biz Uzum, AliExpress va Temu kabi marketpleyslar orqali yetkazib berilayotgan yuklar hajmi tobora ortib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz”, — dedi u.

Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy bilan allaqachon truck-to-air sxemasi yo‘lga qo‘yilgan: tovarlar Toshkentga avtomobil transportida yetkaziladi, so‘ngra samolyotlar orqali Yevropa va Osiyo mamlakatlariga jo‘natiladi. Hamkorlarda bunday logistika turiga bo‘lgan qiziqish aynan yangi terminal ochilganidan keyin paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti ham o‘sib bormoqda. Gilos, o‘rik, pomidor va bodring endilikda nafaqat MDH davlatlariga, balki Dubay, O‘mon va Hindistonga ham yuborilmoqda. Terminal orqali Afg‘onistondan quritilgan mevalar — yong‘oq, pista va keshyuning tranzit tizimi ham o‘tgan. Ular Toshkentga avtotransportda olib kelinib, keyin samolyotlar orqali asosan Hindistonga jo‘natiladi. Nozim Shaymardanovning baholashicha, bunday tranzit hajmi oyiga 100 tonnadan oshadi.

Majmuaning alohida zonasi xavflilik darajasi to‘qqizta bo‘lgan yuklar — portlovchi moddalardan tortib zaharli va korroziyaga olib keluvchi materiallargacha mo‘ljallangan. Bunday yuklar bilan ishlashga faqat maxsus sertifikatga ega xodimlar qo‘yiladi. Hatto yuklarni samolyotgacha tashuvchi haydovchilar ham bu bo‘yicha tegishli o‘quv kurslaridan o‘tadi.

O‘simliklar karantini, tirik hayvonlar, dori-darmonlar va qimmatbaho yuklar uchun maxsus xonalar ajratilgan. Har bir toifadagi yuk uchun alohida saqlash sharoitlari yaratilgan.

Har bir yuk bir necha bosqichli nazoratdan o‘tkaziladi. Ular introskoplar — qadoqlarni nur yordamida tekshiruvchi qurilmalar orqali ko‘zdan kechiriladi, bu esa yuklarni ochmasdan turib, ichidagi narsalarni ko‘rish imkonini beradi.

Majmua hududi va omborxonalar videokuzatuv kameralari orqali kechayu kunduz nazorat qilinadi. Bundan tashqari, terminalda yong‘in xavfsizligi guruhi doimiy navbatchilikni olib boradi.

Hozirda terminal hududida umumiy maydoni 6042 kv metr bo‘lgan ikkita naves qurilmoqda. Ular rasmiylashtirilgunga qadar ochiq osmon ostida saqlanayotgan import va eksport yuklari uchun mo‘ljallangan. Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, iyul oyi boshida kuzatilgan anomal kuchli yomg‘irlardan so‘ng qurilishni tezlashtirish qarori qabul qilingan. Naveslarni shu yilning oktabr oyiga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz