Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda elektr energiyasini iste’mol qilish va ishlab chiqarish bo‘yicha yozgi tarixiy rekordlar ketma-ket beshinchi kun qayd etilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

17-iyul kuni bir sutkalik elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga — 293,4 million kVt/soatga yetdi. Bu o‘tgan yozdagi eng yuqori ko‘rsatkichdan 20,8 million kVt/soatga yoki 7,6 foizga ko‘pdir.

Sutkalik energetika tizimida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 296,1 million kVt/soatni tashkil etdi va bir kun avval o‘rnatilgan rekorddan 0,7 million kVt/soatga yoki 0,24 foizga oshdi.

Kichik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari hisobini ham qo‘shganda, 17-iyul kuni jami elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ilk bor 300 million kVt/soatlik miqdordan o‘tib, 305 million kVt/soatni tashkil etdi. Bu avvalgi kundagi ko‘rsatkichdan 9,6 million kVt/soatga yoki 3,2 foizga ko‘p demakdir.

Rekord ko‘rsatkichlar 13-iyuldan buyon qayd etilmoqda. Besh kun ichida sutkalik iste’mol 14,8 million kVt/soatga — 278,6 milliondan 293,4 million kVt/soatgacha oshdi. Ishlab chiqarish esa 14,6 million kVt/soatga — 281,5 milliondan 296,1 million kVt/soatgacha ko‘paydi.

Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, dispetcherlik xizmatlari tarmoqlardagi yuklamani hamda elektr uzatish tarmoqlari va transformatorlarning texnik holatini real vaqt rejimida nazorat qilib bormoqda.

“Zarurat tug‘ilganda, uskunalarning haddan tashqari yuklanishi va qizib ketishining oldini olish maqsadida tezkor choralar ko‘rilmoqda, jumladan, yuklama qayta taqsimlanmoqda. Bu texnologik nosozliklar va yirik uzilishlarning oldini olishga xizmat qilib, energiya tizimining barqaror ishlashini ta’minlamoqda”, — deyiladi xabarda.

Iste’molning yuqori darajasi fonida energetika korxonalarining avariyaviy-tiklash brigadalari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazilgan.

17-iyul kuni elektr tarmoqlaridagi nosozliklar sababli Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Shayxontohur, Yashnobod, Yunusobod, Yakkasaroy, Chilonzor, Sergeli va Mirobod tumanlaridagi, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota va Toshkent tumanlaridagi iste’molchilarning bir qismida elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, tizimdagi uzilishlar sababli 8200 dan ortiq iste’molchi vaqtinchalik elektr ta’minotisiz qolgan.

Energetika vazirligi mazkur nosozliklarni issiq ob-havo, uskunalarning qizib ketishi hamda konditsioner va boshqa maishiy texnika vositalaridan ommaviy foydalanish natijasida tarmoqlarda yuklamaning keskin ortib ketgani bilan izohladi. Ayrim holatlarda dispetcherlar yirik avariyalarning oldini olish maqsadida qisqa muddatli cheklovlar ham joriy etgan.

Idora iste’molchilarni elektr energiyasidan oqilona foydalanishga va zarurat bo‘lmaganda elektr jihozlarini tarmoqdan uzib qo‘yishga chaqirdi. Vazirlikning ta’kidlashicha, bu choralar tarmoqlarga tushadigan yuklamani kamaytirishga hamda avariyalar va uzilishlar xavfini sezilarli darajada pasaytirishga yordam beradi.

Elektr ta’minotidagi uzilishlar tadbirkorlik subyektlari uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqarmoqda. Tarmoqli do‘konlardan birining Gazeta’ga ma’lum qilishicha, svet o‘chgan vaqtda sut mahsulotlari va quyi haroratda saqlanishi lozim bo‘lgan tovarlarni boshqa savdo shoxobchasiga tashib turishga to‘g‘ri kelmoqda.

Ilgari do‘kon yonilg‘i bilan ishlaydigan generatorlardan foydalangan, biroq ular uzoq vaqt davomida ishlatilganda kuchli shovqin hosil qiladi va katta miqdorda yonilg‘i xarajatini talab etadi. Shu sababli ayrim holatlarda mahsulotlarni boshqa joyga ko‘chirish iqtisodiy jihatdan ancha foydaliroq yechim bo‘lmoqda.

Boshqa bir oziq-ovqat do‘konidan esa elektr energiyasi har kuni taxminan ikki soatga o‘chirilayotganini bildirishdi. Shaxsiy generatori bo‘lmagan savdo shoxobchalari mahsulotlarni asrab qolish uchun ularni ijaraga olishga yoki vaqtinchalik ulab turishga majbur. Bu ham yonilg‘i, ham uskuna ijarasi uchun yirik xarajatlarni talab qilmoqda.

Source: www.gazeta.uz