Toshkent, Podrobno.uz. Muhammadismoil Rahmonov O‘zbekiston terma jamoasiga Bangkokda o‘tayotgan yosh guruhlari o‘rtasidagi suv sporti turlari bo‘yicha Osiyo chempionatida ilk oltin medalni olib keldi. Yana bir sovrinni Parizod Abdukarimova qo‘lga kiritib, shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
O‘zbekistonlik suzuvchi Muhammadismoil Rahmonov 200 metrga brass usulida suzish bo‘yicha final bahsida g‘olib chiqdi. U 2 daqiqa 16,17 soniya natija bilan masofani bosib o‘tib, asosiy raqiblari – Taypeydan Rey Xuan (2:17,08) va Gonkongdan Vu Yulunni (2:18,01) ortda qoldirdi. Ushbu mukofot O‘zbekiston delegatsiyasi uchun joriy qit’a chempionatidagi ilk oliy darajali medal bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda Parizod Abdukarimova 100 metrga chalqancha suzishda bronza medalini qo‘lga kiritdi. Sportchimiz 1 daqiqa 04,71 soniya natija ko‘rsatdi. Finalda g‘alabani vetnamlik Nguen Ngok Thuy Tien (1:03,84) qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni mezbonlar vakili Kanistxa Tungnapakorn (1:04,14) egalladi.
Source: podrobno.uz